Nuroniylar hayotiy tajribasi — yoshlar tarbiyasida muhim omil
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida keksa avlod vakillariga hurmat ko‘rsatish, ularning boy hayotiy tajribasidan yoshlar tarbiyasida foydalanish, nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qiziltepa tumanidagi «Nuroniy» jamg‘armasi ham keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda mahallalar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida ish olib bormoqda.
Bugungi kunda tumanidagi 48 ta mahalla va 207 ta ko‘chada 167 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tumandagi 34 ming 647 ta xonadonda 45 ming 267 ta oila yashaydi. Aholi muammolarini o‘rganish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashda mahalla faollari bilan birga hayotiy tajribaga ega nuroniylar ham faol ishtirok etmoqda.
Tumanda 18 yoshgacha bo‘lgan 33 ming 690 nafar fuqaro, 14–30 yosh oralig‘idagi 31 ming 422 nafar o‘g‘il-qiz hamda 60 yosh va undan yuqori bo‘lgan 19 ming 340 nafar nuroniy istiqomat qiladi. Bu esa avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni milliy qadriyatlar va hayotiy tajriba asosida tarbiyalash muhimligini ko‘rsatadi.
[gallery-31882]
Shuningdek, tumanda nogironligi bo‘lgan 8 ming 763 nafar fuqaro, 85 nafar yolg‘iz keksa va 1 ming 165 ta kam ta’minlangan oila bor. Nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni esa 3 ming 658 tani tashkil etadi.
Bunday sharoitda keksa avlod vakillarining ijtimoiy hayotdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, yolg‘iz keksalar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, ularga ma’naviy va amaliy ko‘mak berishda mahalla faollari hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA