7,7 million sayyoh va 3,9 milliard dollar eksport: O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanmoqda
Davlatimiz rahbari boshchiligida turizm va investitsiya sohalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, har bir hududda alohida dasturlar qabul qilinib, turizm hududlari erkin iqtisodiy zonalarga aylantirilmoqda. Natijada turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlandi, turizm eksporti va xorijiy sayyohlar soni keskin oshdi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2023-yilda mamlakatga 6,6 million, 2024-yilda 10 milliondan ortiq, 2025-yil yakunlariga ko‘ra esa 11,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
Turistik oqimning o‘sishi xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayishi bilan birga kechmoqda. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston aeroportlari 8,15 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ko‘p. Ushbu davrda jami 64 ming 831 ta reys (+8 foiz) amalga oshirilib, shundan 47 ming 371 tasi xalqaro reyslar (+12 foiz)ni tashkil etdi. Xalqaro reyslardan 6,7 million nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 15,4 foizga oshgan. Aeroportlarda qayta ishlangan yuk va pochta hajmi ham 33 foizga oshib, 51,5 ming tonnaga yetdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar geografiyasi ham kengaymoqda. 2026-yilda Toshkentga bir qator yangi xalqaro yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. Hududiy aeroportlarda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda: Termizda yo‘lovchi oqimi 52 foizga, Urganchda 24 foizga, Nukusda esa 23 foizga oshdi.
Turistik oqimning o‘sishi joylashtirish vositalari infratuzilmasining rivojlanishi bilan ham hamohang kechmoqda. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida mamlakatda 22 ming 296 o‘rinli 705 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil etildi. Natijada ularning umumiy soni 7 ming 440 taga, joylar soni esa 202,6 ming taga yetdi.
Turizm rivojining iqtisodiy samarasi turistik xizmatlardan olinayotgan daromadlarning o‘sishida ham namoyon bo‘lmoqda. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida turistik xizmatlar eksporti hajmi 3 895,7 million AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga oshdi. Xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘i kengaydi. Jumladan, “Etihad Airways” aviakompaniyasining Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Ilk reys 2026-yil 10-avgust kuni amalga oshirildi.
Xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayishi, joylashtirish infratuzilmasining rivojlanishi va investitsiyalarni jalb etish xorijiy turizm oqimini yanada oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratmoqda. Sohaning ustuvor yo‘nalishlari qatorida mamlakatning transport jihatdan qulayligini oshirish, yangi turistik mahsulotlarni rivojlantirish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhim o‘rin tutadi.
Ushbu ko‘rsatkichlarning umumiy ijobiy dinamikasi turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini hamda sohani yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini tasdiqlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA