Global vaziyat keskinlashayotgan, yangi mojarolar, xavfsizlikka tahdidlar va iqtisodiy noaniqliklar avj olayotgan bugungi kunda SHHT o‘z tamoyillariga sodiq qoldi. 2025 yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tkazilgan sammit mazkur tamoyillarning hayotiyligini yana bir bor isbotladi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) – bugungi kunda dunyoning eng yirik mintaqaviy integratsiya tashkiloti hisoblanadi. Uning asosida yotgan «Shanxay ruhi» – o‘zaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuvlar, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat va birgalikda rivojlanish tamoyillarini o‘zida mujassam etgan. Bu nafaqat tashkilot a’zolari o‘rtasida, balki global darajada muloqot va hamkorlikning yangi modeli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xitoy rahbari Si Szinpin sammitda ta’kidlaganidek, «Shanxay ruhi» Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida aks etgan maqsadlarga to‘la mos keladi va mintaqa xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Dastlab 6 ta mamlakatni birlashtirgan SHHT bugungi kunda uch qit’ani qamrab olgan, 26 ta davlatni (10 a’zo, 2 kuzatuvchi, 14 muloqot hamkori) o‘z ichiga olgan yirik siyosiy va iqtisodiy maydonga aylandi. Geografik qamrovi va aholi soni bo‘yicha u dunyodagi eng yirik integratsiya tashkiloti sifatida xalqaro miqyosda ta’sirini tobora kuchaytirmoqda.
Sammit doirasida ilk bor o‘tkazilgan «SHHT plyus» uchrashuvi tashkilot nufuzining jahon miqyosida oshib borayotganini yaqqol namoyon etdi. SHHT qarama-qarshilikka emas, balki hamkorlikka yo‘naltirilgan tashkilot bo‘lib, uning oldida iqtisodiy o‘sish va modernizatsiya kabi muhim vazifalar turibdi.
Si Szinpin ilgari surgan global rivojlanish tashabbusining sakkiz ustuvor yo‘nalishi: qashshoqlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, rivojlanishni moliyalashtirish, iqlim o‘zgarishiga javob berish, yashil rivojlanish, sanoatlashtirish, raqamli iqtisodiyot va o‘zaro bog‘liqlik – SHHT doirasida keng istiqbollarga ega.
O‘zbekiston SHHTning asoschilaridan biri sifatida uning shakllanishi va rivojida muhim o‘rin tutadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tyanszin sammitida global keskinlik avjiga chiqqaniga urg‘u berib, SHHT tamoyillariga sodiqlikni yanada muhim deb ta’kidladi. Prezidentimiz bugungi xalqaro vaziyatni “global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga yetgan sharoit” sifatida baholar ekan, xavfsizlikni ta’minlash uchun yangicha yondashuvlar va samimiy muloqotlar zarurligini ta’kidladi. “Shu bois, — dedi Prezidentimiz, — hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha biz ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbdir”.
Ma’lumki, 2022 yil sentyabrdagi Samarqand sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Samarqand birdamlik tashabbusi» xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo global muloqotni rivojlantirish, kelishilgan yondashuv va yechimlarni izlash, ishonchni tiklashga qaratilgan.
SHHTning muvaffaqiyati xavfsizlikni ta’minlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq. U tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot sari intiluvchi, har qanday ayirmachilikdan xoli makonga aylanishi lozim.
O‘tgan yili 21–22 noyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamkorligida SHHT va Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo-ishtirokchi davlatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ishtirokida maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro iste’molchilar tashkiloti, SHHT a’zo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Belarus, hamda TDTga a’zo va hamkor davlatlar — Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, Turkmanistondan tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, Gruziya va Armanistondan ham vakillar qatnashdi.
Maslahat yig‘ilishida xalqaro, mintaqaviy va milliy (davlat yoki nodavlat) tashkilotlar o‘rtasida ikki yoki ko‘ptomonlama bitimlar tuzish; Mamlakatlarda chet ellik sayyohlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha milliy qonunchilik normalarini joriy etish; Transchegaraviy murojaatlarni o‘rganish va hal etish mexanizmlarini takomillashtirish; Elektron tijorat va raqamli bozorlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid tajriba almashish; Muntazam treninglar, seminarlar, forumlar tashkil etish yo‘li bilan tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish; SHHT va TDT davlatlaridagi iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning Xalqaro Assotsiatsiyasini tashkil etish masalalari muhokama etilgan edi. Hozirda maslahat kengashida belgilangan maqsad va vazifalar ustida ish olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, SHHT – qadimiy sivilizatsiyalar o‘chog‘i bo‘lgan mintaqani qamrab olgan, u «Shanxay ruhi»ga tayangan holda sivilizatsiyalar to‘qnashuvi g‘oyasini rad etadi, ochiqlik va muloqotni qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotdir.
Jahongir Sarimsoqov,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi