2025 yil iyul oyida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Navoiy shahri va unga tutash hududlarda sanoat ifloslanish holatlarini o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruv ishlarini amalga oshirdi. Bu jarayonda atmosfera havosining og‘ir ifloslanishi, ayniqsa oq tutun tarqalishi bilan bog‘liq holatlar jamoatchilik orasida katta e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qator yirik korxonalarda atrof-muhitga zarar yetkazish holatlari aniqlandi. Jumladan, “Sogda kimyo zavod” MCHJ, “Ferrosplav” va "Zarafshon industrial technology" MCHJ kabi korxonalar davlat ekologik ekspertizasisiz ish olib borgani, zararli moddalarni noqonuniy saqlagani va havoga nazoratsiz tashlanmalar chiqargani isbotini topgan.


Laboratoriya tahlillarida ammiak va oltingugurt kabi moddalar me’yordan bir necha baravar yuqori ekanligi qayd etildi. Masalan, "Zarafshon industrial technology" MCHJda ammiak 7 baravar, azot oksidi 12 baravar, vodorod sulfid esa 40 baravar yuqori chiqqan. Shu munosabat bilan mazkur korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, 10 kun ichida ekologik talablarga moslashtirish vazifasi yuklatilgan.
Bundan tashqari, shahar va tuman hududida jami 168 ta korxona faoliyati o‘rganilgan. Ularning 22 tasi bo‘yicha ham ekologik ekspertizadan o‘tmaganligi, chiqindilarni nazoratsiz joylashtirgani va qonunbuzarliklar sababli faoliyat vaqtincha to‘xtatilgan. Ular qatorida “Qurilish mahsulotlari”, “Qizilqum shifer” , “Fosxim agro”, “Navoiy asir invest” va boshqa korxonalar bor.


Hatto “Navoiy azot” korxonasida ham ammiak va vodorod sulfidi me’yordan bir necha baravar yuqori ekanligi aniqlanib, tegishli jarimalar va kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilangan.
Korxona faoliyati o‘rganilganda, uning hududida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilari belgilanmagan joylarda saqlab kelinganligi, qurim (saja) chiqindisi yoqib yuborilishi oqibatida atmosferga havosi ifloslantirilganligi aniqlangan.


Ushbu qat’iy choralar ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar salomatligi va ekologik barqarorlikni saqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ekologiya vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kelgusida har bir sanoat korxonasi kesimida ekologik tadbirlar dasturi shakllantirilib, mahalliy Kengashga tasdiqqa kiritiladi.
Shuningdek, har chorakda jamoatchilikka axborot berish mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
M.Eshmirzayeva, O‘zA