Barchamiz kunlik ehtiyojlarimiz uchun turli mahsulotlar xarid qilamiz. Sotuvchiga naqd yoki bank plastik kartasi orqali to‘lov qilamiz. Savdo jarayonida ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, ammo muhim bo‘lgan bir shart aksariyat hollarda esdan chiqadi yoki umuman e’tiborga olinmaydi. Bu xarid qilingan mahsulot uchun nazorat-kassa mashinasi chekini olish!
Samarqand viloyati soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Xarid cheki olishni unutmang!” targ‘ibot aksiyasi aholini ushbu jarayonga e’tiborli bo‘lishga chaqirishga qaratildi.
Tadbirda yoshlar, soliq xodimlari va mahalla faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari savdo shoxobchalar va majmualarida bo‘lib, jarayonni bevosita kuzatgan holda xarid cheki talab qilib olishning ahamiyati, xarid cheki berilmasa tadbirkorga nisbatan qo‘llaniladigan choralar to‘g‘risidagi targ‘ibot materiallarini tarqatdi.
[gallery-23146]
– Dastlab targ‘ibot guruhi a’zolari o‘rtasida aksiyasining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi, - deydi Samarqand viloyati soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari D. Ravshanov. – Targ‘ibot materiallarini shunchaki fuqarolarga berib ketmasdan, to‘liq ma’lumot tushuncha berilishi lozimligi uqtirildi. Guruhlar joylarda bo‘lib, xarid cheki bilan bog‘liq talablarni sotuvchi va xaridorlarga batafsil tushuntirdi. Bunga zarurat bormi, degan haqli savol tug‘iladi. Albatta, bor. Chunki, soliq organlari tomonidan olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramay, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida sotilgan tovar uchun chek bermaslik holatlari yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Misol uchun, joriy yilning 4 oyi davomida fuqarolar tomonidan chek bermaslik holatlari yuzasidan 1300 tadan ortiq murojaat yuborilgan. Bu o‘z haq-huquqlarini bilgan fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarasida aniqlangan. Necha minglab xaridorlar haligacha xarid chekining ahamiyatini tushunib yetgani yo‘q. Aksiyadan ko‘zlangan maqsad ham aholiga xarid chekining ahamiyatini to‘liq yetkazishga qaratilgan.
Targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududida o‘tkaziladi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA