70 ta murojaat joyida hal boʻldi
Viloyat markazidagi “Oʻrda” bogʻida tashkil etilgan ana shunday qabulda Jizzax shahri va Forish tumanidan kelgan fuqarolarning 290 ta murojaati oʻrganildi.
Jizzax viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi markaziy muassasalar, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari ishtirokida ommaviy qabul oʻtkazilmoqda.
Viloyat markazidagi “Oʻrda” bogʻida tashkil etilgan ana shunday qabulda Jizzax shahri va Forish tumanidan kelgan fuqarolarning 290 ta murojaati oʻrganildi.
Sayyor qabulga kelgan shaharning Fayzibod mahallasi, Faziobod koʻchasi, 6-xonadonda yashovchi Shahnoza Nishonova ham oʻz murojaati hal etilganidan xursand. Uning ishga joylashish haqidagi murojaati viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, 2-sektor rahbari Gʻayrat Qodirov tomonidan shu yerning oʻzida hal etildi.
– Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotibdi, - deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Elmira Bositxonova. – Shu masʼuliyatdan kelib chiqib, viloyatdagi qabullar davomida har bir murojaat qiluvchining muammosiga oʻz vaqtida va oqilona yechim topilayotgani odamlarning bugungi kunidan rozi, ertangi kunga umid bilan qarashiga xizmat qilayotir. Agar bu jarayonni ikki-uch yil avvalgi sayyor qabullar davri bilan taqqoslaganda oʻzgarishlar ayniqsa yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Masalan, bugun ishga joylashishda yordam soʻrab murojaat qilgan besh farzandli bir ayolga shu yerning oʻzida pishiriq tayyorlaydigan pech berildi. Ilgari bu masalani bunday tez hal etib boʻlmasdi. Hozir davlatimizda shunday imkoniyat bor.
Qabulda odamlarning nafaqat shaxsiy masalalari balki mahalla, qishloq ahli muammolarini hal etish boʻyicha murojaatlar ham ijobiy yechimini topdi.
– Qishlogʻimizda xonadonlar soni yildan yil koʻpayib, elektr transfarmatorning kuchi yetmay qoldi, – deydi Forish tumanidagi Chorvoq qishlogʻi aholisi nomidan kelgan qishloqdagi 64-maktab oʻqituvchisi Sayfiddin Abdiyev. – Muammomiz sayyor qabul davomida hal etildi. Respublika energetika vazirligi rahbarlarining topshirigʻi bilan bir soat ichida yangi transfarmator yuklagan mashina qishlogʻimizga joʻnatildi. Sayyor qabullarni joriy etib, aholi muammolarni hal etish imkoniyatini yaratib bergan hukumatimizga qishlogʻimiz ahli nomidan minnatdorlik bildiraman.
Shu kungi sayyor qabulda sud, huquq, sogʻliqni saqlash, qurilish va boshqa masalalar boʻyicha 249 kishi 290 ta muammoli masalalari yuzasidan murojaat qildi. Murojaatning 41 tasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, 30 tasini Bosh prokuratura, 19 tasini Ichki ishlar vazirligi, 32 tasini Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, 29 tasini Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasi, 21 tasini viloyat xokimligi, qolaganlari boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari ham oʻrinbosarlari tomonidan qabul qilindi.
Sayyor qabul davomida jami murojaatlarning 70 tasi shu yerning oʻzida yechimini topdi. Qolgan barcha masalalar boʻyicha qabul qilingan murojaatlarni bajarish muddatlari belgilanib ijrosi tegishli idoralar tomonidan nazoratga olindi.
Sayyor ommaviy qabullar davom etayotir.