O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblariga guvohnomalarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov iste’dodli yoshlar, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlarini rag‘batlantirish va munosib taqdirlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 aprelda qabul qilingan «Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta’sis etish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 6 noyabrdagi «Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarori bilan «Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlandi.
Stipendiya tayinlashda talabgorning oliy ta’lim muassasasidagi tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etganligi, soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki, qanday natijalarga erishganligi inobatga olinadi. Shu bilan birga, talabgorning o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini a’lo baholarga o‘zlashtirganligi, o‘zbek milliy san’atini targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi ham e’tiborga olinadi.
Joriy 2022 yilda ikkinchi marta O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli va ijodkor talabalari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tuzilgan Ekspert guruhining qaroriga asosan 7 nafar iqtidorli ijodkor talaba tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.
Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi 2002 yilgi g‘oliblari deb quyidagi yoshlar munosib topildi.
1. Abdumo‘minova Madinabonu Mirzabahrom qizi – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Dastgohli rangtasvir ta’lim yo‘nalishi;
2. Ro‘zmetova Surayyo Bekpo‘lat qizi – Urganch davlat universiteti 3-kurs talabasi, Rangtasvir (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi;
3. Hotamov Asliddinxo‘ja Oybek o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Grafika va miniatyura ta’lim yo‘nalishi;
4. Rahmatullayev Asadbek Abdulla o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Haykaltaroshlik (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi;
5. To‘raboyev Mansur Olimjon o‘g‘li – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti 3-kurs talabasi, Amaliy san’at (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi;
6. Inogamova Istora Jamshidovna – Toshkent arxitektura-qurilish instituti 3- kurs talabasi, Dizayn (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi;
7. Bahodirov Shahzod Laziz o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, San’atshunoslik va muzeyshunoslik (turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi A.Nuridinov talabalarga ushbu davlat stipendiyasi guvohnomasini topshirdi.
N.Usmonova, O‘zA