AOKAda Kadastr agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida yer va kadastr nazorati yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Yer munosabatlariga insoniyatning e’tiborini qaratish maqsadida 1970-yildan boshlab har yili 22-aprel kuni ko‘plab mamlakatlarda turli tadbirlar o‘tkaziladi. Shu bois, 2009-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 22-aprel sanasi «Xalqaro yer kuni» deb e’lon qilingan.
– Mazkur sana insonlarni tabiatni asrash, xalqaro tinchlikni saqlash hamda yagona uyimiz hisoblangan Yerni himoya qilishga chorlovdir, – deydi Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Atabek Allaberganov. – Bu borada Kadastr agentligi ham o‘z faoliyati davomida bir qator vazifalarni jumladan, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik, yer hisobini yuritish singari ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2023-2024-yillar davomida respublika bo‘yicha 36 904 ta holatda 7 254,9 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan. Agentlik organlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida hamda aholi o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirishlar natijasida 20 945 ta holatda 3 726,8 gektar ya’ni 57 foiz yer maydondagi qonun buzilishlar ixtiyoriy bartaraf etildi.
[gallery-17042]
O‘zboshimchalik bilan egallangan maydonlarni qaytarish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish haqida sudlarga 13 560 ta yoki 3 175,5 gektar da’vo arizalari kiritildi. Yerga oid qonun buzilishi holatlari har doim ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Shunday holatlar borki, ularda yer bilan bog‘liq jinoyat alomatlari kuzatiladi.
Anjumanda qayd etilishicha, yerlardan maqsadsiz foydalanish borasida joriy yilda respublika bo‘yicha 2 721 ta holat, ya’ni 17 656,3 gektar yer aniqlangan. 86 ta holatda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish yuzasidan sudlarga murojaat qilindi. Natijada, 14 578,6 gektar maqsadsiz foydalanilgan yerlarning zaxiraga qaytarilishi ta’minlandi.
Kadastr agentligi tizimida yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlashdan boshlab bartaraf etilgunga qadar bo‘lgan jarayonlarning monitoringini yurituvchi «E-YER NAZORAT» avtomatlashtirilgan axborot tizimi amaliyotga joriy etildi. Mazkur tizimning mobil ilovasi ishlab chiqilib, 2024-yil mart oyidan boshlab yer qonun buzilish holatlarini planshet orqali mobil tarzda rasmiylashtirish ham yo‘lga qo‘yildi.
Bu o‘z navbatida jarayonning shaffof tarzda amalga oshirilishini ta’minladi. Joylarda inspektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘liq nazoratga olinib, tizimdagi korrupsiya holatlarining oldini olishda juda yaxshi samara beryapti.
Tizimda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar zamirida «Ona yerimiz»ni asrash, uni muhofaza qilish hamda samarali foydalanish maqsadi mujassam.
Anjumanda jurnalistlarning 4 mln.ga yaqin fuqarolarga bevosita daxldor bo‘lgan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida» qonun loyihasi borasidagi savollariga mutaxassislar javob berdi.
Mazkur qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab berishi ma’lum qilindi. Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, aholining ijtimoiy (propiska, moddiy yordam, maktab, bog‘cha) hamda bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon beradi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA