Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi
Gretsiyaning Saloniki shahrida o‘zbek kurashi bo‘yicha “Islom Karimov” X xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Bu milliy sportimiz – kurashga jahonda qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir ifodasidir.
Gretsiyaning Saloniki shahrida o‘zbek kurashi bo‘yicha “Islom Karimov” X xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Bu milliy sportimiz – kurashga jahonda qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir ifodasidir.Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi va Gretsiya kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqada o‘ndan ziyod mamlakatdan yuz nafarga yaqin polvon ikki vazn toifasida gilamga chiqdi.
Xalqimizning milliy qadriyatlaridan bo‘lgan kurash 1998-yilda xalqaro sport turi maqomini olgan edi. Jahon mamlakatlarida izchil rivojlanayotgan o‘zbek kurashi o‘g‘il-qizlarni jismonan baquvvat, yuksak ma’naviyatli, halol va mard etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Bugun kurash Osiyo, Afrika, Yevropa, Amerika va Okeaniyadagi 120 dan ziyod davlatda ommalashmoqda. Kurash bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Kurash xalqaro assotsiatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, Olimpiya o‘yinlari vatani – Gretsiyada o‘tgan xalqaro turnir keskin va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘lgan. Turnirning vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsida gretsiyalik ikki kurashchi o‘zaro bellashdi. Devid Sokouri oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mirman Iliadis kumush medal bilan taqdirlandi. Gruziyalik Michal Michalidis va mezbon polvon Kostan Saridis uchinchi o‘rinni egalladi.
Mutlaq vazn toifasidagi bellashuvlarda gretsiyalik Vasileio Iliadis shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Moyzes Iliadis ikkinchi bo‘ldi. Kiprlik Pavlos Gkaraklov va gruziyalik Devid Gkaraklidis kuchli uchlikdan o‘rin oldi.