Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Tohir Turdiyev mazkur tashkilot tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi:
– “Hududgazta’minot” AJ 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘tgan yillar kuz-qish davrida kuzatilgan muammo va kamchiliklardan xulosa chiqarib, natijador va aniq manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqdi.
Ushbu chora-tadbirlarga muvofiq, hududlarda tizimli ishlar tashkil etildi. Bugungi kunga qadar 173,6 kilometr masofadagi gaz tarmoqlarida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 1650 ta mahallada 263 kilometr masofadagi yangi gaz tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. 478 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlandi, 52 ming 462 ta gaz taqsimlash punkti texnik taftishdan o‘tkazildi va shay holatga keltirildi.
Dastur doirasida 7 ming 283 kilometr masofadagi yer osti gaz quvurlarining holati tekshirilib, 4 ming 95 kilometr masofadagi yer usti gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirildi. Joriy yilda 281 mingta xonadonga gaz bosim rostlagichlari (regulyator) o‘rnatildi, bu bilan ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. 5 ming 882 ta gaz taqsimlash punkti demontaj qilindi. Natijada texnologik yo‘qotishlar 1,9 million metr kubga qisqartirildi va kuz-qish mavsumida 571 mingdan ortiq aholi xonadonida gaz ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratildi.
Rejadan tashqari, Buxoro, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida 43 ta mahallaning gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 69 kilometr masofadagi gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi. Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida tungi smenalarda 238 ta brigada maxsus avtotransport va himoya vositalari bilan ta’minlandi hamda barcha zaruriy zaxiralar yaratildi.
Shuningdek, bu yilgi kuz-qish mavsumi uchun 3,7 millionta suyultirilgan gaz iste’molchisiga 2024 yil oktyabrdan 2025 yil mart oylarigacha 330 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.
Iste’molchilarning maishiy gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yil boshidan 26,5 ming dona maishiy gaz ballon yetkazib berildi. Gaz to‘ldirish inshootlarida kunlik 3,7 ming tonna gaz va gaz ta’minoti omborlarida 22,3 ming dona maishiy gaz ballon zaxirasi yaratildi.
Olis va borish qiyin bo‘lgan 292 ta qishloqdagi 142 ming aholi xonadoni hamda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan oilalar joriy yilning 1 noyabr holati bo‘yicha 1,7 ming tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Bugungi kunda ta’minot ishlari davom ettirilmoqda.
Ayni kunlarda 24/7 ish rejimida “Call-center” faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ham iste’molchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, muammoli masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim omil hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA