65 nafar yuk tashuvchi qonuniy faoliyatga o‘tdi
Yuk tashish iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini bir-biriga bog‘lab turadigan muhim xizmat turlaridan biri. Shu bois sohada faoliyatning qonuniy va shaffof yo‘lga qo‘yilishi ham xizmat ko‘rsatuvchilar, ham buyurtmachilar uchun muhim ahamiyatga ega.
Sirdaryo viloyatida bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida 65 nafar fuqaro yuk tashish faoliyatini rasmiylashtirib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi.
Ayni paytda viloyat YHXB da 11 ming 808 ta yuk transporti vositasi ro‘yxatga olingan. Ularning 9 ming 418 tasi jismoniy shaxslarga tegishli. 1-sentabr holatiga ko‘ra, ulardan 729 nafari rasmiy tadbirkor sifatida faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich sohada faoliyatni rasmiylashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu maqsadda viloyat prokuraturasi, soliq boshqarmasi, YHXB hamda Transport nazorati inspeksiyasi hamkorligida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Ularda yuk tashish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga faoliyatni rasmiylashtirish tartibi, qonuniy ishlashning afzalliklari va bu borada yaratilgan imkoniyatlar tushuntirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor fuqaroni jazolashga emas, balki uning mehnatini qonuniy asosga o‘tkazish va tadbirkorlik faoliyatini barqaror yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
— Yuk tashish sohasida qonuniylikni ta’minlash, avvalo, tadbirkorning o‘z faoliyatini erkin va barqaror yuritishi uchun muhim. Faoliyatini rasmiylashtirgan yuk tashuvchi buyurtmachilar bilan qonuniy shartnoma asosida ishlashi, bank xizmatlaridan foydalanishi va mehnat faoliyatini rasmiy yuritishi mumkin. Shuning uchun bugungi vazifa faqat ro‘yxatdan o‘tkazish emas, balki yuk tashuvchilarga qonuniy faoliyatning afzalliklarini tushuntirish va zarur ko‘makni ko‘rsatishdan iborat, — dedi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.

Qonuniy faoliyat yuritish yuk tashuvchiga rasmiy shartnomalar tuzish, yirik tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, bank xizmatlaridan foydalanish, mehnat stajini shakllantirish va kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lish imkonini beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri