600 gektardan ortiq yer o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlandi
Kadastr agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra davlat yer va kadastr nazorati yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika bo‘ylab yer resurslaridan foydalanishda qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘ylab 10 ming 359 ta holatda jami 614,7 gektar yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olingani ma’lum bo‘ldi. Bu esa yer resurslaridan samarali va qonuniy foydalanish masalasi dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
Aniqlangan holatlar yer fondlari toifalari kesimida tahlil qilinganda quyidagi manzara kuzatildi. Qishloq xo‘jaligi yerlari 355,4 gektar, aholi punktlari yerlari 166,7 gektar. Shuningdek, sanoat va boshqa maqsaddagi yerlar 21,9 gektar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yerlar 1,1 gektar, o‘rmon fondi yerlari 3,1 gektar, suv fondi yerlari 12,5 gektar, zaxira yerlar 54,1 gektarni tashkil etadi.
Shuningdek, tekshiruvlar davomida 4 ming 607 ta holatda jami 3 228,2 gektar yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanilayotgani ham aniqlandi. Mutaxassislar bu holatlar yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash zarurligini yana bir bor ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, 4 ming 606 ta holat bo‘yicha mahalliy hokimliklarga taqdimnomalar kiritildi. Shu bilan birga, 1 ta holat yuzasidan sudga da’vo arizasi taqdim etildi.
Qayd etilishicha, nazoratni kuchaytirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ishlar yer resurslarini muhofaza qilish, qonunbuzilishlarni barvaqt aniqlash va davlat yer fondini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA