Vatanimiz tarixidagi 6 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
Yurtimizda 6 sentyabr – “Kurash” milliy sport turi kuni sifatida belgilangan. Mazkur kun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “«Kurash» milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mazkur milliy sport turini aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, o‘sib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jahon sport maydonida yuqori natijalarga erishishni ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
1871 yil (bundan 154 yil oldin) – Turkiston o‘lkasida ipakchilik maktablari ochish to‘g‘risidagi hukumat qarori chiqdi. Ushbu qarorga asosan dastlabki maktablar 1873 yilga kelib ochildi. Tarixchi Nargizaxon Alimovaning qayd etishicha, maktabga mahalliy aholining 18 yoshdan katta bo‘lgan 20 nafar erkaklari olinishi kerak bo‘lgan. O‘qish bepul bo‘lib, maktabni tugatganlarga alohida guvohnoma berilgan. Ushbu maktab 10 yil mobaynida faoliyat olib borib, 1883 yilda general-gubernator M.G.Chernyayev buyrug‘iga binoan tugatilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Turonda ipakchilik qadimdan qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib kelgan. Istiqlol yillariga qadar ipakchilik Turonga Xitoydan dastlab Farg‘ona vodiysiga, u yerdan Samarqand va Buxoro hududlariga, keyinroq esa Toshkent atroflari xududlarida tarqalgan degan, fikrlar ilgari surilgan. Ularning zamirida Xitoy mansabdorlaridan birining qizi Qoshg‘arga uzatilishi natijasida ipak yetishtirish sir-asrorlari, u yerdan Farg‘ona vodiysiga tarqalgani talqin etilgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston olimlarining ilmiy izlanishlari asosida ipak Turonda vujudga kelgan, degan fikr olg‘a surilmoqda.
1906 yil (bundan 119 yil oldin) – Munavvarqori Abdurashidxonov va Mahmudxo‘ja Behbudiy boshchiligidagi bir guruh jadidlar ilk o‘zbek gazetalaridan biri bo‘lgan “Xurshid” (“Quyosh”) gazetasini chiqara boshlashdi (ayrim adabiyotlarda mazkur voqea 7 sentyabrda yuz bergani qayd etilgan). Tahririyat ishiga Xudoyorxonning kenja farzandi Fansurullobek ham jalb qilingan. Gazetaning 10 soni dunyo yuzini ko‘rganidan keyin u xukumat tarafidan yopilgan.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston Milliy Birligi tashkilotining Samarqandda bo‘lgan kongressida Turkiston Milliy bayrog‘iqabul qilindi. Milliy bayroq binafsha rangda bo‘lib, uning asosi qilib qoraxoniylar va saljuqiylarning XI asrdagi bayrog‘i namuna sifatida olingan edi. Bayroqni tayyorlash ishida Validiy, Munavvarqori, To‘raqul Jonuzoqov faol ishtirok etishdi. Bayroq kabul kilingan 6 sentyabr kunini milliy bayram deb e’lon qilishga karor qilindi. Turkiston mintaqasidagi qurolli xarakatning yagona bayrog‘i sifatida e’tirof etilgan mazkur bayroqqa bag‘ishlab she’rlar yozildi.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Qarshi viloyati revkomida shu kuni kechqurun bo‘lgan “maxfiy yig‘ilish”da Turdi To‘qsabo, uning qo‘rboshilari va yigitlarining qarindosh-urug‘larini qamoqqa olish masalasi ko‘rib chiqildi. Bolsheviklar va qizil armiya qo‘mondonligi istiqlolchilarga qarshi kurashda shu kabi qabih usullardan keng foydalanar edi. Natijada bir hafta ichida viloyatdagi istiqlolchilarning qo‘mondoni Turdi To‘qsabo, uning qo‘rboshilari bo‘lgan Temirxo‘ja Eshon, Odil Polvon Qorovulbegi, Xushmurod (Turdi To‘qsaboning o‘rinbosari), Rajab Boqi Qorovul (jami 12 qo‘rboshi) va taniqli yigitlaridan 9 kishining barcha oila a’zolari va qarindosh-urug‘lari zudlik bilan qamoqqa olindi, ularning butun mol-mulki musodara qilindi.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – sovet hukumatiga qarshi kurash harakati raxbarlaridan biri Ibrohimbek Orolto‘qay atrofida Sharkiy Buxoro ko‘rboshilarining navbatdagi kurultoyini o‘tkazdi. Unda Buxoroning sobiq amiri Said Olimxonning vakili ham katnashdi. Qo‘rboshilar kelgusi jang rejalarini muhokama qildilar. Biroq kurultoy o‘tayotganda Turkiston frontining 63-otliqlar polki jangchilari to‘satdan hujum qilib, ularga tashlandilar. Ibroximbek o‘z safdoshlari bilan jang qilgan xolda chekindi.
1967 yil (bundan 58 yil oldin) – Beruniy (Abu Rayhon Beruniy) nomidagi O‘zbekiston SSR Davlat mukofoti (1991 yil 5 martdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti) ta’sis etildi.
1988 yil (bundan 37 yil oldin) – O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining farmoniga asosan Navoiy viloyati ma’muriy birlik sifatida tugatilib, uning hududlari Samarqand viloyati hududiga qo‘shib yuborildi. U 1992 yilda yana qaytadan viloyat sifatida tashkil etildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini hamda respublikaning hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tuzildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari uchun texnik mutaxassislar tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Toshkentda kurash bo‘yicha navbatdagi ta’sis kongressi bo‘lib o‘tdi. Jahonning 28 mamlakatidan qatnashgan vakillar yakdillik bilan Kurash xalqaro assotsiatsiyasini tuzishni yoqlab ovoz berdilar. Mazkur assotsiatsiya bugungi kunda sayyoramizning beshta qit’asidagi 129 ta milliy federatsiyani birlashtirgan. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi kurashni xalqaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlariga, kelgusida esa Olimpiya o‘yinlari dasturiga ham kiritish bo‘yicha faol tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd tish joizki, keyingi yillarda asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, oliyjanoblik va halollikning timsoli sifatida e’zozlanib kelingan, o‘zbek xalqining tarixiy merosi – “Kurash” milliy sport turini qayta tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimizning bevosita ko‘llab-quvvatlashi natijasida kurash xalqaro sport turi sifatida keng e’tirof etildi, “kurash”, “halol”, “ta’zim”, “to‘xta” va “yonbosh” kabi atamalar esa xalqaro sport lug‘ati tarkibidan mustahkam o‘rin egalladi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumanining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Oqsaroy maydonida o‘tayotgan xalqaro musiqa san’ati anjumani ishtirokchilari va mehmonlarini qutlab, jahon xalqlarining musiqiy xazinasiga aylangan maqom san’atini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish mazkur anjumanning asosiy maqsadi ekanini ta’kidladi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA