6 oyda xorijiy investitsiyalar hajmi 33,4 foizga oshdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, deputatlar davlatimiz rahbari raisligida Aholi bandligi va daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ilgari surilgan tashabbuslar haqida fikr yuritdi.
Ta’kidlanganidek, har bir oila bilan manzilli ishlash, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish hamda odamlarni barqaror daromad manbaiga bog‘lash bo‘yicha belgilab berilgan aniq vazifalar aholimizning turmush tarzini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bo‘sh turgan korxonalar va davlat aktivlarini ishga tushirish, xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish, ehtiyojmand oila farzandlarini ta’limga jalb etish, ayollar uchun bola parvarishiga qulay sharoit yaratish kabi choralar ham ana shu maqsad ro‘yobiga xizmat qilishi qayd etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi qizg‘in muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, jahon iqtisodiyotida global xatarlar, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar va noaniqliklar kuchayib borayotgan bir sharoitda mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda. Hisobot davrida aholi umumiy daromadlari 16,6 foizga oshib, 618,3 trln so‘mni, pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarni, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari esa 702,9 trln so‘mni tashkil etdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa 33,4 foizga oshib, 12,4 mlrd dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 41 mlrd dollarga, oltinsiz eksport 14,4 mlrd dollarga yetdi. Ayniqsa, xizmatlar eksporti 36,2 foizga oshib, 6,1 mlrd dollarni tashkil etgani mamlakatimizning xizmatlar sohasidagi salohiyati tobora kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘tgan yarim yillikda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 637,2 trln so‘mni tashkil etdi. Qayta tiklanuvchi elektr manbalari hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqarish 20,1 foizga oshib, 10,1 mlrd kVt soatga yetdi va uning umumiy tarmoqdagi ulushi 22,1 foizni tashkil qildi.
Xizmatlar sohasida 251,8 trln so‘mlik chakana savdo aylanmasi qayd etildi. Mamlakatga 6,6 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, transport xizmatlari hajmi 103,9 trln so‘mga yetdi. Qishloq xo‘jaligida 271 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qurilish ishlari hajmi 192 trln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, birinchi yarim yilda Davlat byudjeti daromadlari 207,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43,8 foizga oshdi. Byudjet xarajatlari 205,6 trln so‘mni, ijtimoiy xarajatlar esa 105,8 trln so‘mni tashkil qildi.
Muhokamalarda deputatlar byudjet samaradorligini oshirish, mablag‘lardan oqilona foydalanish zarurligiga alohida e’tibor qaratdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA