Mashhur jurnalist, tilshunos, ajoyib poliglot, 58 xorijiy tilni mukammal bilgan Garold Vilyams, suxandon, tadbirkor ayol, piar-maslahatchi Keti Kempbell, Oskar mukofoti sovrindori, aktyor, rejissyor, prodyuser, ssenariynavis Rassel Krou kabi ko‘plab mashhur insonlar yetishib chiqqan zamin – Yangi Zelandiya Okeaniyadagi 1000 dan ortiq oroldan iborat Polineziyadagi eng yirik davlatdir. Poytaxti – Vellington sanalmish mamlakatning rasmiy tillari ingliz va maori.
Yangi Zelandiya – Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibiga kiruvchi parlamentar monarxiya. Qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini bir palatali parlament – vakillar palatasi, ijrochi hokimiyat ishini esa general-gubernator tomonidan tayinlanadigan Bosh Vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Aholisining aksariyati mahalliy inglizlar va maorilar (15 foiz). Mamlakatda polineziyaliklar, ingliz, shotland, irland, xitoy, hind va boshqa xalklar ham yashaydi.
Yangi Zelandiyaga dastlab X-XIV asrlarda maorilar kelib joylashgan, yevropaliklardan birinchi bo‘lib 1642 yil gollandiyalik dengizchi Abel Yanszon Tasman borgan. 1769-70 yillarda ingliz dengizchi-sayyohi Jeyms Kuk orollarni tadqiq qilgan. XIX asr boshida ushbu huddadda yevropaliklarning dastlabki aholi manzillari paydo bo‘lgan. Ular o‘sha paytdan boshlab maorilarga tegishli yerlarni bosib ola boshlagan. 1840 yil ilk ingliz muxojirlari Vellington shahrini barpo etadi va shu tariqa Angliya Yangi Zelandiyani o‘z mustamlakasiga aylantiradi. 1843 yil maorilar inglizlarga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘taradi. 1872 yilga kelib, qarshilik to‘liq bostiriladi. 1907 yil Yangi Zelandiya dominion maqomini oladi.
Birinchi jahon urushi (1914-1918 yillar) davrida Buyuk Britaniya tomonida turgan Yangi Zelandiya urushdan so‘ng Germaniyaning sobiq mustamlakalari – G‘arbiy Samoa va Nauruni Angliya va Avstraliya bilan birga boshqarish uchun mandat oldi.
1926 yilda o‘tkazilgan imperiya konferensiyasi va 1931 yilgi Vestminster statuti bilan tasdiqlangan qarorlar asosida Yangi Zelandiya tashqi va ichki siyosatda to‘la mustaqillikka ega bo‘ladi. Afsuski, Ikkinchi jahon urushi (1939-1945 yillar)gacha Buyuk Britaniya Yangi Zelandiyaning har qanday tashqi aloqasini nazorat qilib turgan. Urushda Yangi Zelandiya aksil fashist koalitsiya tomonida bo‘ldi.
1930-yillardan boshlab hokimiyatni navbatma-navbat milliy partiya va Leyboristlar egallab kelmoqda.
Yangi Zelandiya 1945 yildan BMT a’zosi.
Qishloq xo‘jaligi yuksak darajada rivojlangan industrial-agrar bu mamlakat yalpi ichki mahsulotida qishloq xo‘jaligi 9, sanoat 25, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i 66 foizni tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligining asosi – sut, go‘sht va go‘sht-jun chorvachiligi. Sariyog‘, go‘sht, jun va pishloq экспорти bo‘yicha mamlakat dunyo yetakchilari safida tilga olinadi.
Yem-xashak, bug‘doy, arpa, suli, dukkakli don ekinlari, sabzavot ko‘p ekiladi. Meva, jumladan kivi yetishtiriladi. Bog‘dorchilik (sitrus meva, olma, nok, shaftoli, gilos) tokchilik rivojlangan. Baliq va kit ovlanadi. Oziq-ovqat va yengil sanoat taraqqiy etgan. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, yog‘ochsozlik va sellyuloza-qog‘oz, kimyo-to‘qimachilik sanoati korxonalari mavjud.
Alyuminiy, plastmassa, o‘g‘it, sement, chinni zavodlari bor. Kon sanoatida tabiiy gaz, temir rudasi, mis, qo‘rg‘oshin, rux, oltin, kumush, qo‘ng‘ir va tosh ko‘mir, titan-magnetit qumi qazib olinadi.
Transport tizimida dengiz transporti yetakchi. Yirik portlari – Vellington, Oklend, Littelton. Temir yo‘l tarmog‘i 3,9 ming km, avtomobil yo‘llari uzunligi 92 ming km. Vellingtonda xalqaro aeroport bor.
Tashqi savdoda Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy bilan faol hamkorlik qiladi.
Pul birligi – Yangi Zelandiya dollari.
Yangi Zelandiyada ta’lim 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy va bepul. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham faoliyat ko‘rsatadi. O‘qish muddati boshlang‘ich ta’limda 6 yil, oraliq maktabda 2 yil, 8 yillik maktab (boshlang‘ich va oraliq)dan keyingi bosqich o‘rta maktab (o‘qish muddati 3 yil). Kollej va oliy o‘quv yurtlarida o‘qish pulli. Mamlakatda bir qator universitetlar, texnika institutlari bor.
Yangi Zelandiya radiosi 1936 yil, televideniyesi 1960 yil tashkil etilgan.
Bir necha gazета va jurnal nashr etiladi. “Otago provinsiyasi kundalik vaqti” (Otago Daily Times, 1861 y.), “Matbuot” (Press, 1861), “Yangi Zelandiya xabarchisi” (New Zealand Herald, 1863), “Kechki pochta” (Evening Post, 1865), “Yangi haqiqat” (New truth, 1904), “Dominion” (1907) kabi kundalik gazetalar mamlakat aholisini so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirib boradi. Mamlakatda haftalik va oyda bir nashr etiladigan ommabop jurnallardan tashqari internet nashrlari ham rivojlanmoqda.
1879 yildan 2011 yilgacha faoliyat olib borgan Yangi Zelandiya matbuot uyushmasi (New Zealand Press Association NZPA) barcha OAVga milliy va xalqaro yangiliklarni taqdim etgan. 2011 yil 1 sentyabrdan NZPA uchta yangi xizmat bilan almashtirildi, Avstraliyaga tegishli media kompaniya, Avstraliya matbuot birlashmasi hamda Yangi Zelandiya yangiliklar kompaniyasi. Ushbu muassasalar 50 dan ziyod gazeta va veb-saytlar uchun kontent yaratadi, barcha mustaqil nashrlar bilan ishlaydi. Xalqaro maydonda yangiliklarni tezkor va shaffof uzatishda faol.
Mamlakatdagi eng yirik axborot agentligi 1879 yil Birlashgan matbuot uyushma (United Press Association)si sifatida tashkil etilgan va 1942 yilda Yangi Zelandiya matbuot assotsiatsiyasiga aylantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1992 yil 19 martda tan olgan Yangi Zelandiya bilan diplomatiya munosabati o‘rnatilgan.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA