55 soatlik sinov: polyak suzuvchi Boltiq dengizini kesib o‘tdi
Polyak sportchisi Bartlomey Kubkovskiy Shvetsiyadan Polshagacha bo‘lgan 160 kilometrlik masofani suzib o‘tib, Boltiq dengizini yakka holda kesib o‘tgan ilk insonga aylandi. U juma kuni yo‘lga chiqib, 55 soat uzluksiz suzdi va Polsha sohiliga yetib keldi. Natija rasman tan olinishi uchun sportchi qirg‘oqqa hech qanday yordamsiz mustaqil chiqqan, butun yo‘l davomida qayiqdan foydalanmagan. Ayni talab to‘liq bajarilgani tasdiqlandi.
Kubkovskiyning asosiy raqibi masofa emas, charchoq edi. Ikki sutkadan ko‘p u uxlamasdan suvda harakat qildi, ba’zan diqqatini jamlash va vaziyatni anglashda qiyinchilikka duch keldi. Uni kuzatib borgan jamoa xavfsizlikni ta’minlab, yo‘nalishni nazorat qildi hamda belgilangan vaqtda oziq-ovqat va suyuqlik yetkazib turdi. Sohilga chiqqach, sportchi hali erishgan natijasini to‘liq his qila olmayotganini aytdi.
Bu g‘alaba bir necha yillik mehnat samarasidir. Kubkovskiy ilk bor shunday sinovni 2022-yil boshlagan, ammo 115 kilometrdan keyin to‘xtashga majbur bo‘lgan. 2025-yil qariyb 159 kilometr masofani bosib o‘tib, Polsha sohiliga 15 kilometr qolganda kuchli toliqish sabab musobaqani to‘xtatgan. Bu gal esa yillar davomidagi tajriba, puxta tayyorgarlik va chidam unga tarixiy natijaga erishish imkonini berdi.

Sportchi o‘z muvaffaqiyatini “Cancer Fighters” xayriya jamg‘armasi faoliyatiga bag‘ishladi. Suzish davomida xayriya aksiyasi ham o‘tkazildi. Kubkovskiy avvalroq 24 soatlik uzluksiz suzish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan, milliy hamda xalqaro musobaqalarda ko‘plab medallarni qo‘lga kiritgan. Ayni payt yana bir polyak sportchisi Karolina Shepanyak ham Boltiq dengizini suzib o‘tishga urindi, biroq 58 soatdan keyin sohilga 40 kilometr qolganda safarini to‘xtatdi. Mutaxassislar mazkur dengizni yakka holda suzib o‘tishni uzoq masofali suzishdagi eng og‘ir sinovlardan biri sifatida baholamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA