Suriyada “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi mamlakat o‘tish davri hukumatini boshqarayotgan bir paytda, hokimiyatdan ag‘darilgan Asad, uning rafiqasi va uch farzandi Rossiyada qo‘nim topdi, ammo oilaning keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
RF Suriyadagi fuqarolar urushi paytida Bashar al-Asadning ishonchli ittifoqchisi bo‘lgan va ushbu o‘lkada ikkita muhim harbiy bazasiga ega.
2015 yilda Moskva Asadni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasini boshladi, bu esa nizoni hukumat foydasiga o‘zgartirdi. Buyuk Britaniyada joylashgan monitoring guruhi keyingi to‘qqiz yil ichida RF harbiy amaliyotlarida 21 mingdan ortiq odam, jumladan, 8 ming 700 nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq Ukrainadagi ziddiyat bilan band bo‘lgan Rossiya Suriya hududida noyabr oyi oxirida boshlangan isyonchilarning tezkor hujumini to‘xtatishga unchalik ham e’tibor qaratmadi.
Damashq boy berilganidan hech qancha vaqt o‘tmay, Rossiya davlat matbuoti Asad va uning oilasi Moskvaga yetib kelgani va ularga gumanitar asosda boshpana berilishi haqida xabar tarqatdi. Keyinroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Asadning qayerdaligi hozircha sir saqlanishini va bu davlat rahbarining qarori ekanini ma’lum qildi.
“Financial Times” tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan tergov natijalariga ko‘ra, Asadning katta oilasi fuqarolar urushi paytida RF poytaxtidan kamida 18 ta hashamatli uy sotib olgan.
Kutilmagan voqealar fonida Moskva rasmiylari Rossiya bazalari va diplomatik missiyalarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Suriya qurolli muxolifati bilan muzokaralar olib borayotganini xabar qildi.
Asad g‘arbiy Londonda yashaydigan, asli suriyalik oilada tug‘ilib o‘sgan va Britaniya-Suriya fuqarosi bo‘lgan Asma ismli qizga uylangan. Shuning uchun uning rafiqasida Angliyaga ko‘chib o‘tish imkoni bor. Ularning Hofiz, Zayn va Karim ismli uch farzandi bor. Ayni paytda Asadning to‘ng‘ich o‘g‘li Hofiz doktorantura talabasi. O‘tgan hafta mahalliy gazeta 22 yoshli yigitning doktorlik dissertatsiyasi haqida xabar bergan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA