52 nafar otinoyga tashakkurnoma berildi
Jizzax viloyatidagi shahar va tumanlar bosh imom-xatiblarining ayollar masalalari bo‘yicha yordamchilari, shaharcha, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab viloyat hokimligining yangidan barpo etilgan “Qabullar saroyi”, Jizzax shahrida faoliyat olib borayotgan “IT-Park” o‘quv-markazi bilan yaqindan tanishtirildi.
So‘ngra, o‘quv-seminar ishtirokchilari – mustaqilligimizning o‘tgan 30 yili davomida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar va Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusidan kelib chiqadigan vazifalar, xotin-qizlar orasida indivudual psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishlari va usullari hamda “Vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonun va yosh qizlarni erta turmushga berish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olishda qishloq va mahallarda ota-onalarning mas’uliyatini oshirishda otinoyilarning o‘rni va vazifalari mavzusidagi Jizzax davlat pedagogika instituti, viloyat OITS markazi hamda viloyat adliya boshqarmasi yetuk mutaxassislarining ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladilar.
O‘quv-seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.
Tadbir yakunida 52 nafar eng faol otinoyilarga viloyat hokimining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA