500 foiz chegirma — Trampcha matematika
AQSH Prezidenti Donald Tramp Floridadagi chiqishi davomida maxsus testdan a’lo darajada o‘tganini aytdi. U oddiy hayvonlarni ajratishdan tortib, arifmetik misollargacha namuna keltirib, so‘nggi savollar juda qiyin bo‘lgani va barchasiga to‘g‘ri javob berganini ta’kidladi.
Prezident keltirgan misollardan ba’zilari ijtimoiy tarmoqda faol muhokama qilinib, juda ko‘p foydalanuvchilar mashqning qiyinligiga shubha bildirgan.
Masalan, Tramp narxdan 400-800 foizgacha chegirma haqida ham gapirgan edi. Mutaxassislar esa "100 foiz chegirish miqdor nolga tushishini anglatadi, demak 500 yoki 800 foizlik chegirma matematika nuqtai nazaridan mumkin emas"deya e’tiroz bildirgan. Mazkur bayonot siyosatchilar tomonidan ham tanqid qilindi. Jumladan, senator Elizabet Uorren va Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bahsni kinoya bilan izohladi.
Ushbu holat ommaviy chiqish chog‘ida aytilgan raqam yoki faktning aniqligi o‘ta muhimligini yana bir bor isbotladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA