50 yillik taraqqiyot va yangi texnologik yechimlar
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi inson hayotining deyarli barcha jabhalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Zamonaviy qurilmalar nafaqat ish va ta’lim jarayonlarini yengillashtirish, balki kundalik turmushda qulaylik va samaradorlikni oshirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, texnologik kompaniyalarning innovatsion yechimlari va yangi mahsulotlari inson ehtiyojlariga moslashib, texnologiyalardan foydalanishning yangi imkoniyatlarini yaratmoqda.
Poytaxtimizda “Acer” xalqaro texnologik kompaniyasi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotda zamonaviy texnologiyalar rivoji va kompaniyaning kelgusidagi yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Soha vakillari, mas’ullar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda “Acer” kompaniyasining EMEA mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Grigoriy Nizovskiy so‘zga chiqib, kompaniyaning 50 yillik taraqqiyot yo‘li, bugungi texnologik yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot berdi.

– Jahonning yetakchi texnologik brendlaridan biri bo‘lgan “Acer” joriy yilda asos solinganining 50 yilligini nishonlamoqda, – dedi Grigoriy Nizovskiy. – Uning tarixi 1976-yil 1-avgustda Tayvanda boshlangan.
Kompaniya 25 000 dollar kapital bilan, “Multitech” nomi ostida ta’sis etilgan bo‘lib, dastlab mikroprotsessorli texnologiyalar sohasida mahsulotlar savdosi, ishlab chiqilishi hamda konsalting bilan shug‘ullangan. 1987-yilda “Multitech” kompaniyasi “Acer” nomini oldi. Besh o‘n yillik davomida kompaniya texnologik startapdan xalqaro guruh darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda u 160 dan ziyod mamlakatda faoliyat yuritib, iste’molchilar, biznes va ta’lim sektori uchun turli texnologik yechimlarni taklif etmoqda. Kompaniya o‘z mahsulot ekotizimini kengaytirish bilan bir qatorda, yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish va barqaror taraqqiyot tamoyillariga ham e’tibor qaratmoqda. Kompaniya missiyasi insonlar va texnologiyalar o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etib, innovatsiyalarni yanada hamyonbop qilishga qaratilgan. Guruh butun dunyo bo‘ylab 12 mingga yaqin xodimni birlashtiradi.

Kompaniyaning bugungi faoliyatida sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda. Shu munosabat bilan taqdimot davomida qurilmalar va dasturiy yechimlarda sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish, texnologiyalarni shaxsiylashtirish va ulardan kundalik hayotda foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan yondashuvlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, texnologiyalarning bugungi rivojlanish tendensiyalari kompaniyaning kelgusi rejalarida ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, intellektual qurilmalar, shaxsiylashtirilgan ta’lim, inson va sun’iy intellekt hamkorligining yangi shakllari, tibbiy texnologiyalar, aqlli makonlar hamda barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi yechimlar istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Bu esa texnologik mahsulotlarning an’anaviy kompyuter segmentidan tashqarida ham rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Taqdimot yakunida Grigoriy Nizovskiy jurnalistlarning savollariga javob berib, kompaniyaning texnologik taraqqiyot, innovatsiyalar va yangi mahsulot yo‘nalishlariga oid rejalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA