O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ko‘p bo‘lgan avtomototransport vositalarini qayta ro‘yxatga olish va foydalanish taqiqlanishi, davlat ro‘yxatidan chiqarilishi taklif etilmoqda. “Antikvar” avtomashinalar esa istisno qilingan.
Shuningdek, 44 tonnadan ortiq yuk tashuvchi avtomobillar va maxsus texnika uchun yangi davlat raqamlari hamda tartiblar joriy etiladi.
2024 yilda O‘zbekistonda 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ularda 2 203 kishi halok bo‘ldi. Bu holat yo‘l harakati xavfsizligini oshirish uchun qat’iy choralarni talab etadi.
40–50 yillik avtomobillar zamonaviy xavfsizlik va ekologik talablarga javob bermasligi mumkin. Shu bois ular xavfli hisoblanadi va avtomobil parklarini yangilash zarur.
Yangi avtomobillar va elektroavtomobillarni joriy etish iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Buning natijasida yo‘l-transport hodisalari kamayadi, havo sifati yaxshilanadi va ishlab chiqarish hamda ta’mir sohalari rivojlanadi.
Kam ta’minlangan aholi uchun avtomobillarni yangilash moliyaviy qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shu bois davlat subsidiyalari, almashtirish dasturlari va arzon kreditlarni joriy etishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Ro‘yxatdan chiqarish va texnik tekshiruvlarda ma’muriy muammolarni oldini olish uchun raqamlashtirilgan tizimlar joriy etilishi zarur.
“Antikvar” avtomobillar yoshi, tarixiy ahamiyati va texnik holatiga qarab maxsus qonunchilik asosida ro‘yxatga olinadi. Ular uchun maxsus davlat raqamlari joriy etiladi.
Eski mashinalarni cheklash yangi sotuvlarni 2–5%ga oshirishi mumkin, bu ichki bozor va kredit sohasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, servis va ta’mir sohalarida ham faollik oshadi.
Taklif etilayotgan choralar yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash va avtomobil parklarini modernizatsiya qilishda muhim qadam bo‘lib, davlatning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bilan birga amalga oshirilishi zarur.
Qat’iy choralarni bosqichma-bosqich va mablag‘lashtirilgan tartibda joriy etish kam ta’minlangan qatlamlar uchun yukni yengillatadi va ijtimoiy norozilikni oldini oladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA