49 nafar xorijiy o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda
Davlatimiz rahbari raisligida 2023 yil 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab, mamlakatimiz bo‘ylab 1 ming 500 nafar xorijiy mutaxassisni ta’lim tizimiga jalb etish vazifasi belgilangan edi.
Bu jarayonda shahar va tuman markazlari, shuningdek, turistik salohiyatga ega hududlarga malakali xorijiy pedagoglarni jalb etish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025-2026 o‘quv yili uchun “Til egasi” loyihasi doirasida 98 nafar xorijiy o‘qituvchi uchun buyurtma shakllantirildi. Bugungi kunga qadar ushbu mutaxassislarning 49 nafari Orolbo‘yiga yetib kelib, umumiy ta’lim muassasalarida o‘z mehnat faoliyatini boshladi.

Xorijiy mutaxassislarni umumiy o‘rta ta’lim maktablariga jalb qilishdan asosiy maqsad o‘quvchilarning nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish, ingliz tilida tabiiy muhit yaratish va yoshlarimizning jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Bugungi kunda hindistonlik mutaxassislar Nelson Nibin hamda Hasni Hamza Mo‘ynoq tumanidagi maktablarida o‘quvchilarga ingliz tili va adabiyotidan dars bermoqda. Ular tumanda ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagog kadrlarning bilim va tajribasini xalqaro darajaga olib chiqishga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

– Mo‘ynoqlik o‘quvchilarning xorijiy tillarga, jumladan, ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi yuqori, – dedi hindistonlik pedagog Nelson Nibin. – 2023 yildan buyon O‘zbekistonda ishlab kelyapman. Dastlab Buxoro viloyatining Olot tumanida o‘quvchilarga ingliz tili va adabiyotidan dars berdim. Hozir bir yillik shartnoma bilan Orolbo‘yining eng chekka hududida mehnat qilyapman. Maktablarda o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Agar talab bo‘lsa, shartnomani uzaytirish niyatim bor.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan xorijiy mutaxassislar ishtirokida ta’lim sifatini oshirish va xalqaro tajribani ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlar, o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Taxtako‘pir tumanida Hindiston davlatidan tashrif buyurgan tajribali pedagog Shayx Salmon Ali ishtirokidagi seminarda ta’lim jarayonini tashkil etish, ingliz tilini o‘qitishda zamonaviy metodlarni qo‘llash, o‘quvchilarning og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilarga xalqaro tajribaga asoslangan amaliy tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri