4720 nafar deputatni jamlagan musobaqa
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Senat a’zolari va devon xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Parlament o‘yinlari” sport bahslari kecha o‘z g‘oliblarini aniqladi.
Musobaqalar 3 bosqichda mini-futbol, voleybol, badminton va stol tennisi bo‘yicha o‘tkazildi. Birinchi bosqich fevral-mart oylarida viloyat miqyosida xalq deputatlari tuman Kengashlari a’zolari o‘rtasida, ikkinchi bosqich aprel-may oylarida hudud miqyosida g‘olib chiqqan jamoalar o‘rtasida tashkil etildi.


“Parlament o‘yinlari”ning final bosqichi hududlarda 1-o‘rinni egallagan jamoalar o‘rtasida shanba-yakshanba kunlari Toshkent shahrida tashkil etildi. Murosasiz bahslar natijasiga ko‘ra, mini-futbolda Sirdaryo, voleybol bahslarida Navoiy, badmintonda Qashqadaryo hamda stol tennisi bellashuvlarida Samarqand viloyatlari deputatlari g‘oliblikka erishdi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
E’tiborli jihati, ushbu sport musobaqasi natijasida mahalliy Kengashlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 4 720 nafar deputat ommaviy sportga jalb etildi.
O‘zA