Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari bilan uchrashdi. Muloqotda vazir yoshlarning fikr-mulohaza va takliflariga quloq tutdi. Ularni qiynayotgan masalalar yechimi yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi. O‘z navbatida, rejalashtirilayotgan yangiliklar xususida to‘xtaldi.
– Tibbiyot xodimi insonlar taqdiriga, hayotiga mas’ul shaxsdir, – dedi A.Inoyatov. – Shifokorlik kasbi shuning uchun ham ulug‘ va mas’uliyatli. Egnidagi oq xalatga loyiq, qasamyodiga sodiq mutaxassislar tayyorlash uchun esa, avvalo, tibbiy ta’lim tizimi ilg‘or bo‘lishi kerak. "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili"da asosiy e’tiborni tibbiyot o‘quv yurtlari faoliyatini transformatsiya qilishga qaratamiz. Buning uchun vazirlik bor imkoniyatlarni ishga soladi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Toshkent davlat stomatologiya instituti Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan O‘zbekistondagi yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Xalqaro ISO sertifikatiga ega. Bitiruvchilar diplomi jahon miqyosida tan olinadi.
Bu yerga o‘qishga qabul qilingan talabalar chet eldagi tengdoshlari kabi ilg‘or texnologiyalar orqali ta’lim olishi, institutning 140 dan ortiq xorijiy hamkor tashkilotlarida o‘z bilim va mahoratlarini oshirishi mumkin.
Dunyoning 110 davlatidan 1500 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari ishtirok etgan “Times Higher Education”ning 2022 yil uchun “Impast” nufuzli xalqaro reytingidan Toshkent davlat stomatologiya instituti ham munosib o‘rin egallagani faxrli natijadir.
Hozir institutning 5 ta fakulteti, magistratura va ordinatura yo‘nalishlarida jami 5058 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 500 nafari AQSH, Koreya, MDH davlatlari fuqarolaridir. Qolaversa, talabalarga dars berayotgan 400 dan ortiq pedagoglarning 60 nafari – Yevropa va Osiyo davlatlaridagi yetakchi universitetlar professorlari.
“Simulyatsion markaz”, 20 dan ziyod o‘quv va amaliy laboratoriyalar, 30 dan ortiq kasbiy to‘garaklar mashg‘ulotlarni xalqaro standartlar va ilg‘or metodikalar asosida tashkil etish imkonini bermoqda.

O‘z navbatida, shu kungacha institut talabalaridan 6 nafari Prezident stipendiyasi, 9 nafari nomdor stipendiyalar, 20 nafari Turkiyaning “Nobel” kompaniyasi stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, xalqaro olimpiada va tanlovlarda 221 nafar, respublika miqyosida esa 300 dan ortiq talaba faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
– Shu yil may oyida 11 ta tibbiyot oliy o‘quv yurti talabalari orasidan “Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi” g‘oliblarini e’lon qilamiz, – dedi A.Inoyatov. – U har bir OTMdan 5 nafar iqtidorli yigit-qizga, jami 55 nafar talabaga ajratilib, miqdori Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasiga teng bo‘ladi. Qolaversa, stomatologiya yo‘nalishida xorijiy davlatlarga bilim va malaka oshirish uchun yuboriladigan talabalar va pedagoglar soni oshiriladi. Nanotexnologiya, IT-texnologiya sohalarini jadal rivojlantiramiz. Klinik kafedralarni tibbiyot markazlariga joylashtirish choralarini ko‘ramiz.
Shuningdek, vazir institutning 150 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonasi sig‘imi kichikligi, hozirgi mavjud talabga javob bermasligi bois yaqin kunlarda 450 o‘rinli zamonaviy talabalar turar-joy binosi foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi.
Vazir institutda tashkil etilgan “Simulyatsion markaz” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zA