40 ta milliy texnik qo‘mitaning 38 tasi ISOlution platformasida ro‘yxatdan o‘tkazildi
Bugungi kunda iqtisodiyot tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, standartlashtirish jarayonlarini raqamlashtirish sohadagi ishlarni yanada samarali tashkil etish imkonini bermoqda.
ISOlution platformasi milliy texnik qo‘mitalar faoliyatini yagona raqamli muhitda tashkil etishga xizmat qilmoqda. Platforma orqali standartlarni ishlab chiqish va muhokama qilish, ular bo‘yicha ovoz berish, ekspertlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, xalqaro texnik qo‘mitalar bilan hamkorlik qilish jarayonlari raqamli shaklda amalga oshiriladi.
Bunday yondashuv, avvalo, hujjatlar aylanmasini tezlashtirish, ish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash va ma’muriy yuklamani kamaytirish imkonini beradi. Eng muhimi, milliy standartlashtirish tizimining xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashuviga zamin yaratadi.
Ayni paytda respublikada standartlashtirish bo‘yicha 40 ta milliy texnik qo‘mita faoliyat yuritmoqda. Shundan 38 tasi ISO texnik qo‘mitalari bilan “OYNA” texnik qo‘mita tizimi asosida shakllantirilib, ISOlution platformasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Mudofaa va xavfsizlik (toifalangan yo‘nalish) hamda kuch transformatorlari bo‘yicha texnik qo‘mitalar faoliyatiga oid ISO “OYNA” texnik qo‘mitalari mavjud emas.
Platformadagi amaliy jarayonlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hozirda 25 ta milliy texnik qo‘mitaga 170 ta ISO standarti loyihasi ko‘rib chiqish uchun kelib tushgan. Ularning 153 tasi bo‘yicha 116 nafar a’zo tomonidan ovoz berish amalga oshirilgan. Yana 17 ta standart loyihasi ayni vaqtda ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, qolgan 13 ta texnik qo‘mita sohasiga oid ISO xalqaro standartlari loyihalari hozircha kelib tushmagan.
Mazkur ko‘rsatkichlar milliy texnik qo‘mitalarning xalqaro standartlashtirish jarayonlarida tobora faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi. ISOlution platformasining joriy etilishi esa ushbu jarayonlarni tizimli va shaffof tashkil etish, mutaxassislar ishtirokini kengaytirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish uchun muhim raqamli vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Umuman, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tezkor joriy etish milliy iqtisodiyot uchun bir qator muhim samaralarni beradi. Jumladan, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, eksport jarayonidagi texnik to‘siqlarni kamaytirish va mahalliy korxonalarning tashqi bozorlar talablariga moslashishini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Shu bois standartlashtirish tizimining raqamlashtirilishi nafaqat sohadagi ish jarayonlarini soddalashtirish, balki milliy ishlab chiqarishning xalqaro talablarga mosligini ta’minlash va mamlakatning tashqi iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA