4 ming 600 gektardan ortiq maydonda oziq-ovqat ekinlari yetishtirilmoqda
Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev Sherobod tumanida boʻlib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va tomorqachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev Sherobod tumanida boʻlib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va tomorqachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Prezidentimiz joriy yil 14-aprel kuni qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida bu borada bajarilishi zarur boʻlgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Shunga muvofiq Sherobod tumanida ham pandemiya davrida aholi bandligi va real daromadini, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xoʻjaligi imkoniyatlaridan oqilona foydalanish choralari koʻrilmoqda. Buning uchun aholi tomorqalaridan samarali foydalanib, ikki barobar koʻp hosil olish va shu orqali aholi daromadini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayni paytda tumandagi dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining qariyb 2 ming 600 gektar yer maydonida ertaki, 2 ming 12 gektarida toʻqsonbosti ekinlari parvarishlanayotir. Ziroatlarga ishlov berish uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Issiqxonalarda pishib, yetilgan oziq-ovqat mahsulotlari peshma-pesh yigʻib olinayotir.
Viloyat hokimligining axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, shu kuni vohaning birinchi rahbari va Qishloq xoʻjaligi vaziri tumandagi dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqalar holatini koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, “Sherobod Agro Impeks”, “Sherobod sabzavot koʻkat klaster”, “Baxtiyorbek koʻkat klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida aholi bandligini va oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni taʼminlash, mahalliy bozordan ortiq mahsulotni eksport qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Dunyoda global inqirozni yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish sharoitida bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar ijrosi boʻyicha masʼullarga tegishli yoʻl-yoʻriq va koʻrsatmalar berildi.