4-aprel – Senegal Respublikasining Mustaqillik kuni
Senegalning 2-aprel kuni lavozimga kirishgan yangi Prezidenti Bassiru Diomay Fay Mustaqillik kuni munosabati bilan xalqqa murojaat qildi. U mamlakatdagi yuqori narxga qarshi kurash chora ko‘rishga va’da berdi.
Bassiru Diomay Fay ta’kidlashicha, manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvdan so‘ng tadbirlar belgilanadi.
– Senegalliklar jasur, lekin ular charchagan va bizdan ortiqcha xarajatga qarshi kurashish uchun yechim kutmoqda, – deya davlat rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirgan mamlakat matbuot agentligi – Agence de presse Senegalaise. – Yashash narxi masalasi meni alohida tashvishga solib, e’tiborimni tortmoqda.
Diomay Fay “iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash” niyatida ekanini ta’kidladi.
G‘arbiy Afrikada joylashgan Senegal Respublikasi poytaxti – Dakar shahri. Ma’muriy jihatdan 10 viloyatga bo‘lingan. Rasmiy tili – fransuz tili bo‘lib, aholining 90 foizi turli darajada shu tilda so‘zlashadi, arab tili esa milliy til maqomiga ega.

Amaldagi konstitutsiyasi 2001-yil 7-yanvarda ma’qullangan. Davlat boshlig‘i – Prezident umumiy to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5-yil muddatga saylanadi, bir marta qayta saylanishi ham mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat, ya’ni parlament – Millat majlis deb ataladi.Ijro hokimiyati Bosh vazir boshchiligidagi hukumat hisoblanadi.
Ta’lim
Senegal ta’lim tizimi fransuz uslubida tashkil etilgan. Mamlakatdagi ilk boshlang‘ich maktab 1816-yil, dastlabki kollej esa 1843-yil ochilgan. Mustaqillik e’lon qilingan payt aholining 95 foizi savodsiz edi. 1963-yil 6 yoshdan 12 yoshgacha bolalar jalb qilinadigan majburiy boshlang‘ich ta’lim to‘g‘risida qonun qabul qilindi.
Boshlang‘ich maktab 6-yillik. o‘rta maktabda o‘qish 7-yil: 4-yil to‘liqsiz o‘rta (kollej) va 3-yil to‘liq o‘rta (litsey). Hunar-texnika ta’limi boshlang‘ich maktab negizidagi hunar maktabi (3-yil), texnika kolleji (4-yil) va texnika litseyi (7-yil)da amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim tizimida Dakar, Shayx Anta Diop, Gaston Berger, Bambi, Ziginchor, Sohil universitetlario‘quv natijasi bo‘yicha universitetlar reytingida yuqori o‘rinni egallaydi. Bu ta’lim maskanlarida o‘qish muddati 4-6-yil. Oliy kollejlardan Dakarda veterinariya tibbiyot maktabi, milliy ma’muriy maktab, Tiyesda politexnika maktabi va boshqalar bor.
Kutubxonalar
Senegal kutubxonalari boy qadimiy qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bilan aholi va mehmonlarni o‘ziga jalb qiladi. Dakardagi mamlakat arxivi kutubxonasi 1913-yil tashkil topgan, Qora Afrika fundamental institi (1938), Universitet (1952), Tiyesda Politexnika maktabi kutubxonalari mavjud.
Muzeylar
Tarix tilsimoti, qadriyatlar beshigi hisoblanmish Senegal muzeylaridan Dakarda Afrika san’ati muzeyi 1936-yil tashkil etilgan. Shuningdek, Qora Afrika Fundamental instituti muzeyi, Gorda Tarix muzeyi va Dengiz muzeyi senegalliklar va sayyohlarga ajdodlardan meros boylikni kelajak avlodga yetkazadigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina sifatida uzoq tarix sahifalaridan so‘zlovchi bebaho kitob vazifasini ham o‘taydi.
Senegaldagi ilmiy muassasalarning ko‘pi Dakar universiteti tarkibiga kiradi, eng yirigi Qora Afrika Fundamental instituti. Bundan tashqari, Milliy arxiv (1913), Milliy san’at instituti (1972), Fan-texnika tadqiqotlari byurosi, Qishloq xo‘jaligi instituti (1974)o‘nlab ilmiy markaz va laboratoriyalar bilan birga, Paster instituti (1896), Afrika mintaqaviy texnologiya markazi (1977), Afrika iqtisodiyotni rivojlantirish va rejalash muammolari instituti (1963), Tropik o‘rmonni o‘rganish markazi (1966) va boshqa ilmiy jamiyatlar mamlakat taraqqiyoti yo‘lida ancha faol.
Senegal OAV haqida gap ketganda, radioeshittirish va teleko‘rsatuv boshqarmasi – hukumat mahkamasi 1972-yil tuzilganini qayd etish mumkin.
Hukumatga qarashli haftalik rasmiy xabarnoma 1856-yildan nashr etiladi. “Le soleil” – “Quyosh” kundalik umummilliy gazetasi, “Senegal Respublikasining rasmiy gazetasi” – Journal officiel de la République du Sénégal, “Mehnatkash” – “Ouvrier” oylik gazetasi, 3 oyda bir marta chiqadigan “Chorraha” – “Carrefour” gazetasi, “Siyosatchi” 3 oyda bir marta chiqadigan “Politicien” oylik hajviy gazetasi, “Afrika birligi” – “Unité africaine” oylik gazetasi, “Afrika” oylik jurnali, “Tadqiqot” – “Recherche” 2 oyda bir marta chiqadigan nazariy jurnal, shuningdek oylik ijtimoiy-siyosiy va adabiy jurnallar, elektron nashrlar mavjud.
“Agence de presse sénégalaise” – APS Senegalning milliy ommaviy matbuot agentligi bo‘lib, 1959-yil tashkil etilgan. Vazifasi axborotni veb-sayt orqali to‘plash, qayta ishlash va tarqatish. Tuzilma mamlakatda global matbuot agentliklari tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha monopoliya egasi hisoblanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA