Tashqi savdoda yangi davr: kichik biznes uchun to‘siqlar qanday olib tashlandi?
Farmon va ijro
Tashqi bozorda tovar sotish yoki xorijdan xomashyo va mahsulot olib kelishda tadbirkor uchun eng muhim omil jarayonning tez hamda qulayligidir. Ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillari uchun bir martalik, nisbatan kichik hajmdagi savdo operatsiyalarida ortiqcha hujjatbozlik va to‘lov tizimidagi cheklovlar asosiy to‘siqqa aylanishi mumkin.
Misol uchun, kichik tikuvchilik korxonasiga xorijdan 20 ming dollarlik ehtiyot qismlar zarur bo‘ldi. Chet ellik hamkor esa tovarni faqat oldindan to‘lov asosida jo‘natishga tayyor. Ilgari bunday vaziyatda tadbirkor invoys orqali mahsulotni import qilgunga qadar pul o‘tkaza olmas va natijada har ikki tomon ham kelishuvdan voz kechishga majbur bo‘lardi.
Joriy yilning 1-sentabridan tashqi savdoda kuchga kirgan yangi tartib ana shunday to‘siqlarga chek qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi tegishli farmoniga asosan, tashqi savdo shartnomasisiz, invoys asosidagi import amaliyotlarida xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi bekor qilindi. Eksport sohasida esa tovar qiymatining 50 foizini oldindan undirish majburiy talabi olib tashlandi.
Imkoniyatning tub mohiyatiga yetib borish uchun invoysning tashqi savdodagi o‘rniga e’tibor berish kerak. Tashqi savdo shartnomasini tuzish, uning shartlarini kelishish va yuridik jihatdan ekspertizadan o‘tkazish ma’lum vaqt va xarajat talab qiladi. Invoys esa bir martalik partiya uchun tuziladigan, asosiy ma’lumotni qamrab oluvchi sodda hujjat hisoblanadi. Har ikki hujjat ham “E-kontrakt” tashqi savdo axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Kichik biznes uchun bu farq sezilarli. Chunki yirik korxona uchun katta hajmdagi tashqi savdo shartnomasini tayyorlash odatiy jarayon bo‘lishi mumkin. Ammo kichik tadbirkor uchun bir partiya ehtiyot qism yoki xomashyoni olib kelishda har bir qo‘shimcha bosqich vaqt va xarajatni anglatadi.
Eng muhimi, yangi tartib importda xorijiy hamkor bilan to‘lov masalasini soddalashtirdi. Endi tadbirkor tovar, ish yoki xizmat hali O‘zbekistonga kelmasidan oldin ham invoys asosida to‘lovni amalga oshirishi mumkin.
Yuqoridagi 20 ming dollarlik ehtiyot qism misolida buning ahamiyati yaqqol ko‘rinadi. Xorijiy sotuvchi avval pulni olib, keyin tovarni jo‘natishi mumkin. Tadbirkor esa invoys asosida to‘lovni oldindan amalga oshiradi. Ilgarigi tartibda bir-biriga mos kelmagan ikki shart endi bir jarayonda uyg‘unlashadi.
– Tashqi savdo shartnomasini tuzish, uning shartlarini kelishish va yuridik jihatdan ekspertizadan o‘tkazish vaqt hamda xarajat talab qiladi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Nosirov. – Invoys esa bir martalik partiyalar uchun tuziladigan va minimal ma’lumotlarni qamrab oluvchi hujjat. Yangi tartib, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesga kichik summali tovarlarni shartnoma tuzmasdan, invoys asosida tezroq olib kelish imkonini bermoqda.
Eksportdagi o‘zgarish esa tadbirkorning xorijiy xaridor bilan qanday shartlarda ishlashiga ta’sir qiladi. Masalan, chegara hududida faoliyat yuritayotgan mebel ishlab chiqaruvchi tadbirkor qo‘shni davlatga 200 million so‘mlik mahsulot sotmoqchi. Ilgari u invoys asosida eksport qilishi uchun kamida 100 million so‘mlik tushumni oldindan ta’minlashi kerak edi. Ammo xorijiy xaridor tovarni olmasdan turib uning yarim qiymatini to‘lashni istamasa, bitimni amalga oshirish qiyinlashardi.
Endi esa bunday majburiy talab yo‘q. Tadbirkor xorijiy xaridor bilan hisob-kitob shartlarini bozor talabidan kelib chiqib kelishishi mumkin.
Bu tashqi bozordagi raqobat nuqtai nazaridan ham muhim. Chunki xorijiy kompaniyalar xaridorlarga bo‘lib to‘lash yoki tovar yetkazib berilganidan keyin hisob-kitob qilish imkonini taklif etayotgan bir sharoitda, eksportchining ham moslashuvchan shartlarni taklif qila olishi uning bozorga chiqish imkoniyatini kengaytiradi.
Yangi tartibning dastlabki natijalari ham ko‘rina boshladi. Tijorat banklari tomonidan joriy yilning 1–15-sentabr kunlari tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan, invoys asosida import qilishda xorijiy hamkorlarga 63 ming AQSH dollari ekvivalentida oldindan to‘lov o‘tkazildi. Eksport bo‘yicha esa shu davrda tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan, invoys asosida eksport qilish holatlari hali kuzatilmadi.
Tashqi savdodagi global o‘zgarishlar ko‘pincha aynan mana shunday kichik, ammo muhim yengilliklardan boshlanadi. Kichik partiyalarda mahsulot import qilayotgan yoki xalqaro bozorga ilk qadamlarini qo‘yayotgan tadbirkor uchun hujjat aylanishining soddalashtirilishi, to‘lov shartlarining erkinlashtirilishi va xorijiy hamkor talablariga moslashish imkoniyati faoliyat boshlashdagi eng asosiy to‘siqlarni olib tashlaydi.
Yangi tartibning tub ahamiyati ham aslida mana shunda namoyon bo‘ladi. Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyatda nafaqat yirik shartnomalar, balki kichik va bir martalik operatsiyalar uchun ham qulay va jozibador biznes muhiti yaratilmoqda.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA