370 dan ortiq murojaat tinglandi
Sirdaryo tumanida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov boshchiligida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolarning 371 ta murojaati tinglandi. Eng ko‘p murojaat — 277 tasi tumanning o‘ziga to‘g‘ri keldi, qolganlari esa Guliston shahri, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin, Xovos va Sardoba tumanlaridan bo‘ldi.
Murojaatlar asosan uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash, moddiy yordam, gaz va ichimlik suvi ta’minoti, ipoteka va kredit to‘lovlariga yordam, yer va kadastr masalalariga oiddir. Qabul davomida fuqarolarga qonunchilik va amaldagi tartiblar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Har bir murojaat yuzasidan mas’ul tashkilot va mutasaddi rahbarlar aniqlanib, muammolarni hal etish bo‘yicha aniq muddatli topshiriqlar berildi. Shuningdek, qabul manzilida adliya boshqarmasi tomonidan sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi, bandlikka ko‘maklashish markazlari va tijorat banklari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Qabul jarayonida 50 ga yaqin fuqaroga bandligini ta’minlash maqsadida korxona va tashkilotlarga yo‘llanmalar berildi.
Yakunda Erkinjon Turdimov mutasaddi rahbarlarga murojaatlarni belgilangan muddatda va sifatli hal qilishni topshirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 kundan so‘ng murojaatlarning ijro holati viloyat hokimligida muhokama etiladi.
Sirdaryoda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, muammolarni joyida hal qilish va tizimli yechimlarni topishda muhim maydonga aylanmoqda.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari