Farg‘ona viloyatidagi qulay investitsiyaviy muhit natijasida xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilda umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, bu boradagi o‘sish sur’ati 1,4 barobar ortdi, 1000 ga yaqin istiqbolli loyiha ishga tushirildi, 35 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida foydalanishga topshirilgan 99 ta loyiha hisobiga umumiy qiymati 1 trillion 939 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, 68,3 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltirildi. Bugun umumiy qiymati 341,3 million dollar bo‘lgan 35 ta yirik loyihada qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi hisobiga qo‘shimcha 6 515 ta yangi ish o‘rni ochiladi.
Farg‘ona viloyatiga investitsiya kiritmoqchi bo‘lganlar qatorida Xitoy yetakchilik qilmoqda – 915 million dollar investitsiya kiritildi. Shuningdek, Rossiya, Germaniya, Singapur, Turkiya, Janubiy Koreya, Tailand singari iqtisodiyoti barqaror davlatlar farg‘onaliklar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Jumladan, Dang‘ara tumanida Xitoyning “Xong Geng Fashon” korxonasi tomonidan qiymati 8 million dollarlik dukkakli ekinlar va quritilgan mevani qayta ishlash hamda qadoqlash loyihasi yiliga 20 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkonini berdi. Farg‘ona shahridagi “Baqay” kichik sanoat zonasida “Toshloq samo biznes” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 13 million dollarlik misni qayta ishlash loyihasi, Beshariq tumanida Rossiya bilan hamkorlikda “Drujba un kombinati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan un va un mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Xorijiy investitsiyani ko‘paytirish uchun Janubiy Koreyaning Chunchonnamdo viloyati, Pyontek, Inchon, Kimpo shaharlaridagi yirik ishlab chiqaruvchilar va sanoat zonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
– Chunchonnamdo viloyatida Farg‘ona investitsiyalar va savdo vakolatxonasi ochildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov. – Hamkorlik natijasida bugun viloyatga investitsiya kiritayotgan mamlakatlarning umumiy soni 29 taga yetdi, qo‘shma va xorijiy korxonalar 800 dan oshdi. Xorijlik hamkorlar va salohiyatli investorlar bilan muzokaralar tufayli 7,5 milliard dollarlik 1,5 ming loyiha paketi shakllantirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatimizda yangi sanoat zonalari uchun jami 1641 gektar yer maydoni ajratib berildi. Bu imkoniyat natijasida 2025 yil viloyat uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishda eng samarali yil bo‘ladi.

Hamkorlikning dastlabki bosqichida qiymati 2 milliard dollarga yaqin 69 ta loyiha bo‘yicha manzilli ishlar ijrosiga kirishildi. Xususan, Xitoy “Yashil qurilish materiallari xalqaro savdosi” uyushmasi bilan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri hududidagi 100 gektar maydonda “Yashil qurilish materiallari xalqaro sanoat zonasi”ni tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlandi. Loyihaning birinchi bosqichida 30 gektarda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, qiymati 100 million dollarlik 20 ta va keyingi bosqichlarda 1 milliard dollarlik 50 ta loyihani joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Yangi sanoat zonalarida istiqbolli va yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni amalga oshirish uchun barcha tuman, shaharlardagi salohiyatli tadbirkor va mutasaddilar Xitoyga amaliy safarlarga yo‘naltirildi.
Buvayda tumanida 1210 gektar yer hisobidan 50 gektarlik sanoat zonasini Xitoyning “Jengjou Rong Yan Rong” uyushmasi boshqaruviga berish bo‘yicha muzokaralar yakunlanib, plastik buyumlar, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, xalq iste’moli mollari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab olgan, qiymati 150 million dollarlik 30 ta loyiha joylashtirilmoqda.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga dunyo bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi eksportchilar soni 551 taga yetdi. Oltiariqdagi “Sherakhun” korxonasi tomonidan AQSHning “NetCost” oziq-ovqat savdo tarmog‘ining Nyu-Yorkdagi nuqtalariga an’anaviy eksport bozoridan yuqori narxda, qadoqlangan uzum yetkazish yo‘lga qo‘yildi. Hozir 8 million dollarlik 72 tonna mahsulot chet elga jo‘natildi. “HAVVO GROUP” korxonasi tomonidan 21 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari BAA, Qozog‘iston, Ukraina, Rossiya davlatlariga eksport qilindi.

Bu yo‘nalishdagi geografik hududlar kengayib borishi tufayli viloyat tadbirkorlari sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 70 ga yaqin mamlakatga eksport qilmoqda.
2025 yilda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan bo‘lib, 6 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini boshlash, 1,2 mingta investitsiya loyihasini amalga oshirish hamda 3,7 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
M.Sulaymonov, O‘zA