Osiyo chempionlar ligasiga qur’a tashlandi
2015-yilgi Osiyo chempionlar ligasida mamlakatimiz sharafini to‘rt jamoamiz himoya qiladi. Nufuzli musobaqada Toshkentning “Paxtakor”, “Lokomotiv” va Qarshining “Nasaf” klublari bahslarni guruh bosqichidan boshlasa, “Bunyodkor” jamoasi pley-off bosqichida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi.
2015-yilgi Osiyo chempionlar ligasida mamlakatimiz sharafini to‘rt jamoamiz himoya qiladi. Nufuzli musobaqada Toshkentning “Paxtakor”, “Lokomotiv” va Qarshining “Nasaf” klublari bahslarni guruh bosqichidan boshlasa, “Bunyodkor” jamoasi pley-off bosqichida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi.Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo chempionlar ligasiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, mamlakatimizning amaldagi chempioni – “Paxtakor” jamoasi “B” guruhida Saudiya Arabistonining “Al-Shabab” va Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ayn” klublari bilan kuch sinashsa, “Lokomotiv” “Fulad Hurziston” (Eron) va “Al-Hilol” (Saudiya Arabistoni) klublari bilan “B” guruhidan joy oldi.
2011-yilgi OFK kubogi sohibi – Qarshining “Nasaf” jamoasi “D” guruhida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ahli” va Eronning “Traktorsozi Tabriz” jamoalari bilan bahs olib boradi. Har uch guruhdagi to‘rtinchi jamoa nomi pley-off bahslaridan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
“Bunyodkor” jamoasi Osiyo chempionlar ligasining guruh bahslarida qatnashish uchun pley-off bosqichida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Jazira” klubi bilan kuch sinashadi. Mazkur bahsda g‘alaba qozongan jamoa “Al-Nasr” (Saudiya Arabistoni), “Lahviya” (Qatar) va “Persepolis” (Eron) klublari bilan birga Osiyo chempionlar ligasining “A” guruhidan joy oladi.