3512 kishiga “Parij-2024” eshiklari yopildi
“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga qisqa fursat qolgan bir pallada Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin kutilmagan qaror chiqardi. O‘tkazilgan 770 mingga yaqin ma’muriy tekshiruv asnosida xavfsizlikka tahdid solishi ehtimoli mavjud, deb topilgan 3512 kishining Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishiga ruxsat berilmasligi aytildi.
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatdagilarning 130 nafari davlat xavfsizligi, 16 nafari islomiy radikallar ro‘yxatida qayd etilgan. Qolganlarga o‘ta chap yoki o‘ta o‘ng o‘nlab radikal guruhlarga aloqadorligi uchun Olimpiada akkreditatsiyasi berilmadi.

Fransiyada nashr etiladigan “Le Parisien-Today” axborot vositasi ma’lumotida yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining ochilish va yopilish tantanalarida bir millionga yaqin odam ishtirok etishi keltirilgan. Ularning xavfsizligini ta’minlash keng miqyosli jarayon. Masalan, aprel oyida volontyorlikka topshirilgan 800 arizaning 15 tasi aynan tahdidga moyillik sabab rad etilgan.
“Insidethegames” sayti yozishicha, “Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi xavfsizlik bilanbog‘liq bir necha asosiy masalaga e’tibor qaratmoqda: kiber jinoyat, xakerlik faoliyati, davlat tomonidan homiylik qilinadigan josuslik va ta’sir qilish amaliyoti, fuqarolar tartibsizligi, buzg‘unchi namoyish va terrorizm tahdidi. Shu jihatdan 26 iyul kuni Parij markazidagi Sena daryosi bo‘ylab qariyb 6 kilometrni qamrab oladigan 160 qayiqdan iborat parad ko‘rinishida bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimi xavfsizligi Olimpiada kun tartibidagi eng muhim masala bo‘lib turgani tushunarli.
T. Ro‘ziyev, O‘zA