35 yil xalq bilan bir safda
Navoiy shahrida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil etilganligining 35 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatlarini ta’minlash, ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotning o‘rni va mas’uliyati yanada ortib bormoqda.

Albatta, islohotlar samarasi xalq hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Ana shu o‘zgarishlarni xolisona yoritish, erishilayotgan natijalarni aholiga yetkazish, shu bilan birga, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni jamoatchilik e’tiboriga havola etish esa har bir ommaviy axborot vositasidan alohida mas’uliyat talab etadi. Nufuzli nashrlaridan biri — “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari esa ushbu yo‘nalishda eng ko‘zga ko‘ringan OAVlaridan biridir.
Joriy yilda ushbu nashrning tashkil etilganiga 35 yil to‘ladi.

– 35 yil - tarix uchun qisqa vaqt bo‘lishi mumkin. Ammo, o‘tgan davr mobaynida yurtimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Bu o‘zgarishlar esa matbuotimizda keng yoritilmoqda. Bunda, albatta, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining alohida o‘rni bor. Ushbu nashrlar mamlakatdagi muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni yoritish, islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish, xalqni o‘ylantirayotgan masalalarni keng jamoatchilikka yetkazish orqali axborot makoni rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda, – deydi Senator, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanoqulov.


Nashrning 35 yilligi munosabati bilan “35 yil xalq bilan hamnafas” esdalik ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Ushbu nishon bilan Navoiy viloyatida bir guruh matbuot vakillari ham taqdirlandi. Bu e’tirof jurnalistika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni xalq manfaatlari yo‘lida xolis va samarali mehnat qilishga ruhlantirishi aniq.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri