35 ta oilaning muammosiga yeçim topildi
Qaşqadaryo viloyatining Yakkaboğ tumanidagi Xöjailğor mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qöllab-quvvatlaş, ularning muammolarini manzilli örganiş va hayotiy şaroitini yaxşilaş borasida tizimli işlar olib borilmoqda.
Mahallada 2025-yil avgust oyidan buyon ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritayotgan Çaros Norboboyeva har bir oilaning ijtimoiy ahvoli, ehtiyoj va imkoniyatlarini alohida örganib, mavjud muammolarga yeçim topişga harakat qilmoqda.
Bugungi kunda Xöjailğor mahallasida 6 ming 269 nafar aholi istiqomat qiladi. Ijtimoiy xodim tomonidan oğir hayotiy vaziyatga tuşib qolgan oilalar bilan individual işlaş maqsadida 50 ta ijtimoiy iş – “keys” oçilgan bölib, ularning 35 tasi ijobiy hal etilgan.

Har bir hal etilgan keys ortida inson taqdiri, oila taşvişi va öz yeçimini kutayotgan muammo mujassam. Dildora Murodova oilasi misolida ham buni köriş mumkin.
Dastlab oilaning ijtimoiy şaroiti va ehtiyojlari örganilib, mavjud muammolarni bartaraf etiş böyiça individual reja işlab çiqilgan. “Saxovat va kömak” jamğarmasi hisobidan kiyim-keçak va boşqa zarur mahsulotlar xaridi uçun moddiy yordam ajratilişiga kömaklaşilgan. Şuningdek, oilaning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiriş maqsadida davlat taʼminotidagi oilalar uçun nazarda tutilgan foizsiz kredit ajratilib, hozirda oila çorvaçilik bilan şuğullanmoqda.

Eʼtiborli jihati, oilaning farzandi ham ijtimoiy qöllab-quvvatlaşdan çetda qolmagan. Yozgi taʼtil davrida u oromgohga yuborilgan, bilim va qobiliyatini rivojlantiriş maqsadida bepul fan tögaragiga jalb etilgan.
Bu kabi yondaşuv ijtimoiy xodim faoliyati faqat moddiy yordam körsatiş bilan çeklanmasligini körsatadi. Zero, oilaning iqtisodiy barqarorligini taʼminlaş, farzandlar taʼlimi va kamoloti uçun şaroit yaratiş ham ijtimoiy himoyaning muhim yönalişlaridan hisoblanadi.

Ayni paytda mahallada ijtimoiy kömakka muhtoj oilalarni aniqlaş, ularning muammolarini çuqur örganiş va tegişli taşkilotlar bilan hamkorlikda hal etiş işlari davom ettirilmoqda.
Zero, samarali ijtimoiy himoya bu faqat yordam körsatiş emas, balki insonning hayotga bölgan işonçini mustahkamlaş, oila farovonligiga erişişi uçun zarur imkoniyatlarni yaratişdir.
Ölmas Barotov, ÖzA muxbiri