An’anaga ko‘ra, Mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimizning barcha hududlarida ko‘plab yangi ishlab chiqarish korxonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, turar joylar foydalanishga topshiriladi.
Xorazmda ham istiqlolning 34 yilligi nishonlanayotgan ayni kunlarda bayramga tuhfa sifatida viloyatning barcha tuman va shaharlarida ijtimoiiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda 34 ta ob’ekt ishga tushdi.
Mustaqillikning dastlabki yilida Xorazm viloyatida yetishtirilgan paxta tolasining atigi bir foizi qayta ishlangan ekan. Keyingi 8 yilda davlat rahbarining topshiriqlari bilan paxta-to‘qimachilik klasterlari tarkibida yangi loyihalarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash hisobiga bu ko‘rsatkich bugungi kunga kelib 93 foizga yetdi. Yil oxirigacha ishga tushiriladigan yangi quvvatlar hisobiga ushbu raqam hali yanada ortadi. Bu esa eksport uchun yangi imkoniyatlar, valyuta tushumi, byudjetga qo‘shimcha daromad, yangi ish o‘rinlari demakdir.
Jumladan, Bog‘ot tumanidagi paxta to‘qimachilik klasteriga tegishli “Koboteks” korxonasining ishga tushirilayotgan qo‘shimcha loyihasining umumiy qiymati 24 million dollar bo‘lib, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan sexlarda yiliga 8 ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Natijada korxonaning eksport imkoniyati 10 million dollarga ortadi. Mamlakatimiz byudjetiga yiliga 15 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushadi. Eng muhimi, 350 nafar bog‘otlik yigit-qiz shu yerda doimiy ish bilan band bo‘ldi.
--Sexlarimizga Shveysariyadan eng so‘nggi rusumdagi dastgohlarni o‘rnatganmiz,-- deydi korxona ta’sischisi Alisher Sobirov.-- Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulot xalqaro standartlarga to‘la javob beradi va dunyo bozorida bemalol raqobatlasha oladi. Shuningdek, bu yerda tayyor trikotaj kiyim-kechaklar ishlab chiqarish sexi ham faoliyat yurityapdi. Kelgusida sifatli mahsulotlarimiz bilan xaridorlarimiz ishonchini oqlaymiz.
Korxonaning ochilish marosimi tantanali o‘tdi. Unda viloyat hokimi, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar korxona imkoniyatlari, ish jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, tadbir yakunida bir guruh paxtachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlariga zamonaviy paxta terish mashinalari ham topshirildi.
Xonqa tumanidagi “Xonqa billur salt” korxonasida xalqaro sifat sertifikatiga ega bo‘lgan 10 xil turdagi tuz mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Bayram arafasida korxonada umumiy qiymati 10 mln dollar bo‘lgan, yiliga 60 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyiha ishga tushirildi.
Yangi sexda vakuum-bug‘lanish usulida soatiga 5 tonna ekstra tuz ishlab chiqariladi. Texnologik uskunalar Turkiyadan olib kelingan bo‘lib, yana 70 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlanadi. Ushbu ekstra tuz nafaqat oziq-ovqat, balki tekstil sanoatida ham ishlatiladi.
[gallery-25090]
Xomashyo Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanidagi korxonaning o‘ziga tegishli kondan qazib olinadi. Yangi quvvatning ishga tushirilishi keng tantana qilindi. Unda so‘z olganlar yurtimiz iqtisodiyotida tadbirkorlikning o‘rni va ishbilarmonlarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar xaqida gapirdilar.
Urganch shahrida esa “Arton Urgench Invest” MCHJ tomonidan avtoklav usulida gazoblok ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
Loyihaning umumiy qiymati 16 million dollar bo‘lib, quvvati yiliga 200 ming metr kub gazoblok ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
--Texnologik uskunalar Xitoydan keltirilgan bo‘lib, zarur xomashyo resurslari: kvars qum, ohak, sement, gisp mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadi,-- deydi “Arton Urgench Invest” MCHJ bosh direktori Zoyirjon Aripov.--Yiliga 3 mln dollarlik mahsulotni Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushishi bilan 200 nafar yosh uchun yangi ish o‘rni ochilmoqda. Yiliga 3 million dollarlik mahsulotlarni Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Mahsulotni g‘isht bilan solishtirganda 45 foiz tejamkorlikka erishilar ekan. Korxonaning ochilish marosimida ishtirok etganlarga bu borada to‘liq ma’lumotlar berildi.
Ishga tushirilayotgan mazkur loyihalar, ijtimoiy- iqtisodiy ob’ektlar xalqimizning turmush farovonligini yanada yaxshilashga, viloyat iqtisodiyotining yuksalishiga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari