33 million so‘m aliment pulini to‘lamagan ota qamaldi
Majburiy ijro buyurosi Qashqadaryo viloyat Muborak tuman bo‘limi tomonidan aliment qarzdorliklarini o‘z vaqtida undirish, qarzdorlarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek, farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan otalarga nisbatan qat’iy ta’sir choralari ko‘rib borilmoqda.
Joriy yilning 8 iyul kuni o‘z farzini, burchini unutgan yana bir otaga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.S. hisobidan undiruvchi Z.R. foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan, – deydi MIB Muborak tuman bo‘limi davlat ijrochisi Nazir Hayitov. – Qarzdor aliment pullarini kam miqdorda va kechiktirib to‘lab kelganligi oqibatida qarzdorlik 33 million 600 ming so‘mga yetgan. Davlat ijrochilarining ogohlantirishiga qaramasdan qarzdorlikni bartaraf etmagan fuqaroning sud zalida boshi egildi. Unga nisbatan JIB Muborak tuman sudi tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.