O‘zbekiston – Rossiya: strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lida
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 10-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 10-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.Ko‘ksaroy qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng ikki davlat rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazdi.
– Rossiya Prezidentining ushbu tashrifini O‘zbekiston – Rossiya siyosiy muloqotlari va turli darajadagi uchrashuvlarning uzviy davomi, tomonlarning o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil va samarali davom ettirish tarafdori ekanining yorqin namunasi deb bilamiz, – dedi Islom Karimov.
Vladimir Putin O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yirik davlat bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Bugun dunyoda vaziyat tez o‘zgarib, global va mintaqaviy miqyosda keskinlik va geosiyosiy qarama-qarshiliklar davom etayotgani, terrorizm, ekstremizm va radikalizm tahdidining tobora kengayib borayotgani, bularning Markaziy Osiyo hududiga bevosita yoki bilvosita ta’sir etishi mumkinligi inobatga olinganda, ushbu muzokaralarning dolzarbligi, ahamiyati yanada ortishi qayd etildi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma uning asosini tashkil qiladi. 2012-yil 4-iyunda imzolangan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Parlamentlararo aloqalar o‘zaro munosabatlarni kengaytirish va huquqiy jihatdan muvofiqlashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Hukumatlararo va idoralararo tashriflar muntazamlik kasb etgan. Mamlakatlarimizning tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida konstruktiv maslahatlashuvlar muntazam amalga oshirilmoqda.
Tomonlar BMT, ShHT, MDH singari xalqaro tuzilmalar doirasida izchil hamkorlik qilib kelmoqda.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘oniston muammosi, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
– Biz 35-yildan buyon birodarkushlik urushi davom etayotgan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdik, – dedi Islom Karimov. – AYSAF tinchlikparvar kuchlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi ushbu mamlakat bilan chegaradosh va yaqin qo‘shni davlatlar uchun jiddiy sinov bo‘lishi va mintaqa xavfsizligi hamda barqarorligiga tahdidlar yuzaga kelishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yondashuvlarimiz bir xil bo‘ldi. Bunday tahdidlarning o‘z vaqtida oldini olish, har qanday shakl va ko‘rinishdagi terrorizm va ekstremizm g‘oyasini qabul qilmaslik muhitini yaratish, ularning paydo bo‘lishi va tarqalishining sabablarini aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni davom ettirish zarurligini qayd etdik.
Prezidentlar muzokarani ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Rossiya O‘zbekistonning yetakchi savdo sherigi bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimiz jami tashqi savdo aylanmasining beshdan bir qismi, MDH davlatlari bilan savdoning yarmidan ko‘pi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 2013-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 900 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 150 dan ortig‘i to‘la ushbu mamlakat sarmoyasi asosida tuzilgan. Yurtimizda Rossiyaning «Vimpelkom», «MTS» kabi transmilliy kompaniyalari muvaffaqiyatli ish yuritmoqda. Rossiyaning keyingi 15-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 8 milliard dollarni tashkil etadi.
O‘zbekiston ham, Rossiya ham yoqilg‘i-energetika sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Rossiyaning «Lukoyl» va «Gazprom» kabi neft-gaz kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va o‘zlashtirish borasida faoliyat olib bormoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida ham uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralarda tovar ayirboshlashni yanada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport va tranzit tashish sohasidagi aloqalarni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Mamlakatlarimizda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaat keltirishi ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Toshkentda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta’lim, sport va turizm bo‘yicha vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida 2015-2019-yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari, moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solishga oid hukumatlararo bitimlar va boshqa hujjatlar imzolandi.
Islom Karimov va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq va o‘zaro ishonch ruhida o‘tganini, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilganini ta’kidladilar. Bu o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini baholash, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olish imkonini berdi. Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi hamda fikrlari yaqinligi yoki bir xilligi qayd etildi.
Shu bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Oliy darajadagi muloqotlarning uzviy davomi bo‘lgan ushbu uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik munosabatlarning muhim yo‘nalishlari va uzoq istiqbollari belgilab olindi. Bu O‘zbekiston va Rossiya xalqlari manfaatiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.