31 ming 162 ta buyurtma ijobiy hal etildi
Buxoro viloyatida 10 oyda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasida 45 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan.
Mulk daxlsizligi har kimning o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega ekanligini anglatadi. Bu fuqarolik mas’uliyatining oshishi, davlat oldida barchaning tengligini ta’minlovchi muhim omildir.
Bu borada ko‘chmas mulkning kadastr idoralaridan davlat ro‘yxatidan o‘tganligi muhim ahamiyatga ega. Sababi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish – yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga o‘tganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktining davlat tomonidan tan olinishini bildiradi.
–Joriy yilning o‘tgan o‘n oyida ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasiga Davlat xizmatlari markazlari va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda notariuslar orqali yuridik va jismoniy shaxslar nomidan 45 ming 909 ta buyurtma kelib tushgan bo‘lib, shundan 31 ming 162 ta buyurtma ijobiy hal etildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Mirshod Shukrullayev. –11 ming 188 ta buyurtma rad qilingan va 1030 ta buyurtma uchun o‘rnatilgan tartibda to‘lov shakllangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar to‘lovi kutilmoqda.
Buyurtmalarning to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari kechikishiga va, bu o‘z navbatida, ko‘chmas mulk egasiga va davlat idoralariga bir qator noqulayliklarni keltirib chiqaradi. To‘lov amalga oshirilmaganligi sabali yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari kadastr idorasi tomonidan rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Natijada “Ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida Davlat Reyestridan ko‘chirma” berilmaydi. Bundan tashqari, ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar ko‘chmas mulkning avvalgi egasi nomida turadi hamda ushbu ko‘chmas mulkka taalluqli har qanday soliq to‘lovlari unga yuboriladi. Shuningdek, avtomatik tarzda turli cheklov va taqiqlar qo‘llanilishi mumkin.
Bu masalaning yana bir og‘riqli tomoni, agar bugungi kunda “to‘lovi kutilmoqda” bo‘lib turgan buyurtmalarni bekor qilib, yangidan buyurtma talab etiladigan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida respublikamizda oylik ish haqi bir necha bor oshirilganligi, bazaviy hisoblash miqdori ham o‘zgarganligi sababli, to‘lanishi lozim bo‘lgan summa oshishiga olib keladi.
Kadastr sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’ekti mulkdorlari yoxud ushbu ob’ekt bo‘yicha ashyoviy huquqlar egalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga o‘tganda, cheklanganda yoki bekor bo‘lganda yoxud ko‘chmas mulk ob’ektining huquqiy holati o‘zgargan kundan boshlab bir oy muddatda tegishli huquqni belgilovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, garov xati rasmiylashtirilganda esa – ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga murojaat qilishlari shartligi nazarda tutilgan.
Shu bois, joriy yilning 1 martidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun haq to‘lanmagan bo‘lsa, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri