300 tupdan ortiq chinor daraxti ekildi
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida turli xil manzarali va mevali daraxtlar ekilib, atrof-muhit obodligi ta’minlanmoqda.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan sportchi, san’atkor, jurnalist-blogerlar, davlat mukofoti sovrindorlari va volontyor yoshlar ishtirokida 300 tupdan ortiq chinor daraxtlari ekildi.

Ma’lumki, daraxtlar ichida uzoq muddat yashashi va ekologik ofatlarga chidamliligi bilan ajralib turuvchi chinorlarning har biri 20 kg gacha karbonat angidrid yutib, tabiat uchun filtr vazifasini bajaradi.

Ko‘chatlar ekilgandan so‘ng, daraxtlar tagida chuqur qazilib, xazonlar ko‘mildi. Unda ekofaollar va blogerlar bog‘ hududini xazonlardan tozalab, uni yerga ko‘mish ishlarini olib bordi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yer tabiiy o‘g‘it bilan yaxshi oziqlanganda daraxtlar uzoq yashaydi. Bu esa bizni toza havo bilan ta’minlaydi.

Shahar aholisi, ayniqsa, yoshlarning atrof-muhitni muhofaza qilish, ona-tabiatga mehr-muhabbat va ekologik tejamkorlikka o‘rgatish, jamoat joylarida chiqindilarni belgilangan maxsus qutilarga tashlash kabi ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tashkil etilgan aksiya doirasida umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Tabiat uchun g‘amxo‘rmiz” shiori ostida rasmlar tanlovi ham tashkil etildi. Unda yosh rassomlar barchaning ko‘z o‘ngida tabiatni asrash borasidagi tasavvurlarini mo‘yqalam yordamida tasvirladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA