Onkologiyada yangi avlod yondashuvi
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshidagi "Gustave Roussy International" O‘zbekiston tibbiyot markazida Yosh onkologlar va radiologlar qo‘mitasi tomonidan navbatdagi ilmiy-ta’lim seminari tashkil etildi.
«Pushti oktabr» oyligi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir ko‘krak bezi saratonini skrining qilish, zamonaviy diagnostika hamda personalashtirilgan (individual) davolashning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.
Seminar davomida yosh mutaxassislar o‘zlarining ilmiy-tadqiqot va amaliy natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, markazning 1-kurs klinik ordinatori Malika Shavkataliyeva «Ko‘krak bezi saratoni skriningi va diagnostikasi» mavzusida ma’ruza qilib, kasallikni erta bosqichlarda aniqlash, zamonaviy skrining usullari hamda diagnostik yondashuvlarning klinik ahamiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
– Kasallikni nafaqat davolash, balki uni o‘z vaqtida, ya’ni klinik alomatlar yuzaga kelguniga qadar erta bosqichlarda aniqlash bemor hayotini saqlab qolishning eng asosiy garovidir, — deydi Malika Shavkataliyeva. – Bugungi kunda zamonaviy skrining usullari hamda raqamli diagnostika imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali patologik o‘zgarishlarni juda erta bosqichdayoq aniqlash va davolash samaradorligini keskin oshirish imkoniyatiga egamiz. Shu bois har bir ayol muntazam ravishda profilaktik ko‘riklardan o‘tishini odat qilishi lozim.
Shuningdek, 2-kurs klinik ordinatori Svetlana Fokina tomonidan taqdim etilgan «Uch karra negativ ko‘krak bezi saratonida personallashtirilgan terapiya: tizimli davolashni tanlashda BRCA1/2, PALB2, PIK3CA, TP53 mutatsiyalari va molekulyar profillashning o‘rni» mavzusidagi ma’ruza qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda molekulyar-genetik tekshiruvlar natijalari asosida bemorlar uchun individual davolash taktikasini shakllantirish va zamonaviy tizimli terapiyani tanlash masalalari muhokama qilindi.
– Bugungi kunda onkologiya va radiologiya fani standart yondashuvlardan bosqichma-bosqich voz kechib, har bir bemorning genetik xususiyatiga asoslangan aniq tibbiyot — personallashtirilgan terapiya sari shiddat bilan bormoqda. Ayniqsa, ko‘krak bezi saratonining eng xavfli va davolash murakkab hisoblangan turlarida molekulyar-genetik tekshiruvlar, xususan, BRCA1/2 yoki boshqa mutatsiyalarni o‘rganish terapiya samaradorligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Yosh shifokorlar va klinik ordinatorlarning bunday chuqur ilmiy izlanishlarga keng jalb etilishi yurtimizda kelajakdagi yuqori malakali onkologlar avlodini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi seminarda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliyotda bevosita qo‘llanilayotgan zamonaviy molekulyar profillash usullari muhokama qilindi. Yoshlarimizning bu kabi ilg‘or yo‘nalishlarga qiziqishi yuqori ekani va o‘z ilmiy izlanishlarini amaliyotga bog‘lay olayotgani mamlakatimizda saraton kasalliklariga qarshi kurashish tizimi yangi bosqichga ko‘rilayotganidan dalolat beradi, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi O.Tolipov.
Darhaqiqat, bu kabi tadbirlar yosh mutaxassislarning ilmiy va klinik salohiyatini oshirish, ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda onkologiya va radiologiya sohasida samarali tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminarda mamlakatimizning yetakchi onkologlari, mammologlari, kimyoterapevtlari radiologlari hamda yosh tadqiqotchilar faol ishtirok etib, sohadagi so‘nggi yangiliklar yuzasidan fikr almashdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA