620 nafar yosh kitobxon “Mening sevimli kitobim” tanlovida bellashdi
Muhammadsharif So‘fizoda nomidagi viloyat bolalar kutubxonasida “Mening sevimli kitobim” shiori ostida kitobxonlik tanlovi tashkil etildi. Unda Namangan viloyatining shahar va tumanlardagi ta’lim muassasalaridan 620 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.
Bellashuvda ishtirokchilarning badiiy asarlarni o‘qib-o‘zlashtirishi va mazmunini qay darajada anglagani test savollari asosida sinovdan o‘tkazildi.
Jumladan, 1-4-sinf o‘quvchilari Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Uchar hammom”, 5-7-sinf o‘quvchilari Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”, 8-11-sinf o‘quvchilari esa Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan” asarlari yuzasidan o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdi.

– Rostini aytsam, bolalar kitobimni qidirib topolmay, kserokopiya qilib o‘qiyotganini ko‘rib, yig‘lab yubordim, – dedi taniqli bolalar adibasi, bolalar adabiyotiga oid bir qator xalqaro ijodiy tanlovlar g‘olibasi Muhabbat Yo‘ldosheva. – Kitobga bo‘lgan bu qiziqish, bu mehrni ko‘ring! Atrofimda esa hamma: «Bolalar kitob o‘qimaydi!» deb noliydi. Bu bolajonlar esa kitob o‘qishni xohlashsa-yu, ularga atab yozayotgan kitoblarimizni topa olmasa-ya?! Axir, shu paytgacha 82 ta kitobim chiqqan bo‘lsa, shularning 56 tasi bolalar va o‘smirlarga atalgan...

Mazkur tanlov o‘quvchilarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, mustaqil fikrlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish barobarida, sevimli asarlari haqida yanada chuqurroq mulohaza yuritish imkoniga ega bo‘ldi. Ayniqsa, turli yoshdagi o‘quvchilarning bir maydonda kitob mutolaasi atrofida birlashgani tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi. Kutubxonada tashkil etilgan ushbu bellashuv yosh kitobxonlar uchun o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘tadi.

Tanlov davomida o‘quvchilarning kitobga mehri, izlanishi va bilimga intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Bunday tadbirlar bolalarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, yangi asarlarni mutolaa qilishga va kitob bilan do‘stlashishga undaydi. Muhimi, kitobsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish kelajakda bilimli, dunyoqarashi keng avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA