Ozodlik yo‘lida qo‘yilgan har bir qadam millat irodasi, ma’naviy butunligi, ertangi kunga ishonchi ifodasi sifatida tarixga muhrlanadi.
Ozarbayjon xalqi XX asr boshida nomini jahon xaritasiga yozib, o‘z taqdirini boshqarish, milliy o‘zligini saqlash orqali mustaqillikka erishishda qat’iyat ko‘rsatdi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi nafaqat tiklangan davlatchilik tantanasi, balki xalqning siyosiy yetukligi, milliy irodasi va zamonaviy qadriyatga sodiqligi yorqin namunasiga aylandi.
Ozar o‘lkasi musulmon Sharqida ilk parlament respublikasi sifatida milliy suverenitet, demokratiya va inson huquqi ta’minlangan demokratik jamiyat asosini yaratdi. O‘sha davrdagi murakkab geosiyosiy vaziyat, ichki va tashqi tahdidga qaramay, bu xalq mustaqillik shunchaki siyosiy maqom emas, balki tarixiy huquq, ma’naviy qadriyat va oliy maqsad ekanini isbotladi.
Bugun Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tashkil topganiga 107 yil to‘ldi. Boy davlatchilik an’anasiga ega mazkur xalq imperiyalar tarkibida bo‘lishiga qaramay, tarixning turli davrlarida erkinlik va mustaqillik g‘oyasini hech qachon unutmagan. ODR e’lon qilinishi XIX asr oxiri-XX asr boshida mamlakatni qamrab olgan madaniy-siyosiy yuksalish, milliy o‘zlikni anglash va erkinlik ruhi yuksalishining mantiqiy natijasidir.
Rossiyada chorizm qulagandan keyin bolsheviklar hokimiyatni egallab olishi bilan sobiq imperiya hududida murakkab geosiyosiy vaziyat vujudga keldi. Boku neftiga qiziqish tufayli dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida keskinlashgan siyosiy nizolar sharoitida Ozarbayjonning ilg‘or siyosiy elitasi mustaqil milliy davlat yaratish yo‘lida birlashdi.
1918 yil 28 mayda Ozarbayjon mustaqilligini tasdiqlagan Deklaratsiya qabul qilindi. Yosh Respublika o‘z imkoniyati chegarasida mehnat qilib, zimmasiga olgan murakkab va muhim vazifani sharaf bilan bajardi. Birinchi parlament va hukumat tuzildi. Mamlakat chegarasi belgilandi, bayroq, madhiya va gerb qabul qilindi. Ozarbayjon tili davlat tili, deb e’lon qilindi. Davlat qurilishi sohasida, shuningdek mamlakat hududiy yaxlitligi va milliy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida dadil qadamlar tashlandi.
Hududiy yaxlitlik va milliy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Qisqa vaqt ichida jangovar shayligi yuqori harbiy qismlar tashkil etildi. Milliy xususiyatga, demokratik tamoyilga mos davlat idoralari shakllantirildi. Ta’lim va madaniyatni rivojlantirish maqsadida muhim qarorlar chiqarildi. ODR ilk kunlaridanoq demokratiya tamoyiliga tayanib, irqiy, milliy, diniy va sinfiy tengsizlikni bartaraf etdi. Mamlakatning barcha fuqarolariga teng huquq berildi.
Afsuski, birinchi respublika bor-yo‘g‘i 23 oy yashadi: 1920 yil 28 aprelda bolsheviklar Rossiyasi istilosi ostida mustaqillik boy berildi.
Oradan qariyb 70 yil o‘tib – 1991 yil Ozarbayjon davlat mustaqilligini tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Binobarin, mamlakatning haqiqiy mustaqilligiga 1993 yil, xalq ulug‘ yo‘lboshchi Haydar Aliyevni hokimiyatga taklif qilganda erishildi. Ozarbayjon davlati Demokratik Respublikaning siyosiy va ma’naviy vorisi sifatida e’lon qilindi.
Umummilliy yo‘lboshchi o‘z zimmasidagi qutqaruv missiyasini bajarib, respublikani og‘ir sinovlardan muvaffaqiyatli olib chiqdi, mustaqillikni saqlab qoldi va mustahkamladi. Ayni payt ko‘p asrlik tarixining eng qudratli davrini boshdan kechirayotgan Ozarbayjon asriy maqsadini ro‘yobga chiqarib, suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq tiklagan.
Bugungi Ozarbayjon 107 yil avval Demokratik Respublika asoschilari orzu qilgan yuksak xalqaro nufuzga ega kuchli davlat sifatida har tomonlama va jadal rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Iqtisodiyot, armiya, ta’lim, tashqi siyosat kabi barcha muhim sohalarda ulkan yutuqlarga erishilmoqda.
Prezident Ilhom Aliyev boshchiligida respublika nafaqat mintaqada yetakchi davlatga, balki xalqaro miqyosda salmoqli so‘z va nufuz egasiga ham aylandi. Endilikda Ozarbayjon milliy manfaatdan kelib chiqib, mustaqil va prinsipial siyosat olib borayotgan kam sonli davlatlardan biridir.
28 may ozar xalqi uchun taqvimdagi shunchaki sana emas, balki milliy g‘urur, davlatning o‘zini-o‘zi anglashi va mustaqillikka bo‘lgan huquqi ramzidir. Qardoshlarimiz Istiqlol kunini behad shod-xurramlik, ko‘tarinki kayfiyat, cheksiz g‘urur bilan nishonlamoqda. Ozar zaminida uch rangli bayroq mag‘rur hilpiramoqda.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA