27 oktyabr – Qarshi shahri kuni
2700 yoshdan oshgan qadimiy shahar
2700 yildan sal ko‘proq ko‘hna tarixga ega, miloddan avvalgi asrlarda vujudga kelgan, Navkat, Naxshab, Novqat, Bolo, Naxshibolo, Yerqo‘rg‘on, Zaxakimoron, Nasaf, Behbudiy kabi nomlar bilan mashhur bo‘lgan Qarshi shahri bugungi kunda Qashqadaryo viloyatining ma’muriy markazi sifatida o‘zining qadimiy va navqironligi bilan tom ma’noda voha gavhariga aylandi.
1318-1326-yillarda mo‘g‘ul hukmdori bo‘lgan Kepakxon mo‘g‘ul hukmdorligi markazini Qashqadaryo hududiga ko‘chirgan va XVII asr tarixchisi Mahmud ibn Valining yozishicha “Kepakxon mo‘g‘ul u yerda bir ko‘shk qurgan edi, mo‘g‘ul tilida ko‘shkni qarshi deb ataganlari uchun o‘sha vaqtdan boshlab ul shahar Qarshi nomi bilan mashhur bo‘ldi”.
Qashqadaryoning atoqli olimi Poyon Ravshanovning yozishicha, “Qashqa vohasi janubidagi kishilik maskanlari XIII asrdan so‘ng biror bir manbada eslatilmaydi. Buning sababi, shubhasiz mo‘g‘ullar istilosi oqibatlari bilan bog‘liqdir.”
Bosqinchilarning o‘nlab istilolari zarbidan xarobaga aylanib, yana qaytadan qad rostlagan ko‘hna shahrimiz bugun har tomonlama rivojlangan, boy infrastrukturasi, betakror arxitekturasi, keng va ravon ko‘chalari, ko‘rkam bog‘u xiyobonlari, madaniyat-ma’rifat maskanlari, mexnatkash va ijodkor aholisi bilan respublikamizdagi yetakchi shaharlardan biriga aylandi.
Qarshi – qadimiy va navqiron shahar. Uning hozirgi kungacha saqlangan me’moriy yodgorliklari - Ko‘kgumbaz, Qashqadaryo ko‘prigi, Qarshi hammomi, Sharofboy, Bekmurodboy, Qilichboy, Abdulazizboy madrasalari, Odina jome’ masjidi, Qarshi sardobasi, Abu Ubayda bin al-Jarroh ziyoratgohi va Xonaqo masjidi majmuasi hukumatimiz va xalqimiz ardog‘ida. Bugun ularga hamohang tarzda 3 ta istirohat bog‘i, 2 ta haykal, 3 ta monumental yodgorlik va uning atrofidagi 10 ga yaqin saylgohlar, 100 ga yaqin ma’muriy binolar, 30 ga yaqin zamonaviy shifoxonalar, 50 ga yaqin mehmonxonalar, teatr, madaniyat va ma’rifat maskanlari, 50 ga yaqin favvoralar, 100 dan ortiq xizmat ko‘rsatish manzillari elga xizmat qilmoqda, yangidan qad rostlayotgan “Yangi O‘zbekiston massivi”dan umidlarimiz bisyor.
[gallery-9313]
Qarshi – ilm-ma’rifat o‘chog‘i. Manbalarda buyuk muhaddis Imom Buxoriy Nasafning Boyon guzarida istiqomat qilganligi, Nasafda Movarounnahrdagi 4 ta hadisshunoslik maktabidan bittasi faoliyat ko‘rsatganligi va bu shahar IX-X asrlarda o‘ziga xos ilmiy-madaniy markazlardan biri darajasiga ko‘tarilganligi qayd etilgan. Mazkur shaharda turli davrlarda 200 dan ziyod Nasafiylar yashab, ijod etgan. Islom qonunchiligi - ilmi fiqh ham aynan Nasafda rivoj topgan. Bugun esa 6 ta oliygoh, 4 ta texnikum, 10 ta ixtisoslashgan maktablarda O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovaning, 30 ga yaqin fan doktori, 250 ga yaqin fan nomzodlarining munosib izdoshlari tarbiyalanmoqda.
Qarshi – hunarmandlar shahri. Qarshilik mohir charmgarlar, misgarlar, temirchilar, kosiblar bo‘yra to‘quvchi (bo‘yraboflar), savat to‘quvchilar, kulollar, kosagarlar (yog‘ochdan yo‘nib kosa yasovchilar), olacha nomli mato to‘quvchilar o‘z mahsulotlari bilan qadimdayoq mashhur bo‘lganlar. Bugun “Sanam”, “Kashteks”, “Sultonteks” kabi tikuvchilik va to‘qimachilik korxonalari, “Uzshoes” poyabzal, “Alttexnoserviz” televizor ishlab chiqarish korxonalarida, barcha sharoitlari muhayyo etilgan kasb-hunarga o‘rgatish Monomarkaz markazida ajdodlarimizning hunarmandlik, ijodkorlik meroslari davom ettirilmoqda. Bularning bari ajdodlarning qoni hamon tomirlarimizda mavjlanayotganidan dalolatdir.
Bugun Qarshiga yo‘lingiz tushsa (ayniqsa, 3-4 yil avval boshqa yurtga ketgan kishi qaytsa uni tanimasligi muqarrar) keng ko‘lamdagi bunyodkorlik, obodonchilik ishlariga guvoh bo‘lasiz, baland binolar, ularning devorlariga chizilgan ulkan, antiqa (graffiti) rasmlar, tekis va ravon yo‘llar, favvoralar raqsi, tungi Qarshining ko‘zni qamashtiruvchi chiroqlariyu biri biriga o‘xshamagan gulzoru-gulxonalarni ko‘rib ko‘zingiz yayrasa, ta’mirlanib zamonaviylik hamda qadimiylik viqoriga yo‘g‘rilgan Qashqadaryo ko‘prigi, Odina masjidida barpo etilgan elimiz ziyolilarining achchiq qismati, taqdiridan so‘zlovchi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi kabi osori atiqalar moziydan so‘zlamoq uchun sizni o‘z bag‘riga chorlaydi.
Uning hikoyalari bilan esa Yangi O‘zbekistondagi bunyodkorlikdan, ma’naviy yuksalishdan, ortib borayotgan turmush farovonligidan elning roziligi sifatida tug‘ilgan Qarshining donishmand bobolariyu, parisifat momolarining duolari qulog‘ingizga singadi: “Ilohim, yurtimizga ko‘z tegmasin, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin, ko‘ngillarimiz xotirjam, boshimizga Prezidentimiz omon bo‘lsinlar...”
Orasta Tosheva,
Qarshi shahar hokimi maslahatchisi
O‘zA