27 nafar bokschimiz Osiyo chempionati finalida
Indoneziyaning Jakarta shahrida boks bo‘yicha U19 va U23 yosh toifasida o‘tayotgan Osiyo chempionati final janglarining barcha ishtirokchilari ma’lum.
O‘tkazilgan yarim final janglaridan so‘ng O‘zbekiston U19 va U23 terma jamoasi a’zolarining 27 nafari Osiyo chempionligi uchun kechadigan bahslarda ishtirok etadigan bo‘ldi.
Milliy terma jamoalar kesimida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish borasida hamyurtlarimizdan keyin ikkinchi o‘rinni 22 nafar finalchi bilan Qozog‘iston terma jamoasi egallab turibdi.
Keyingi pog‘onalardan Hindiston(18), Yaponiya(4), Janubiy Koreya (2), Qirg‘iziston(2), Indoneziya (2) joy olgan bo‘lsa, Tailand, Xitoy Taypeyi, Mo‘g‘uliston jamoalarida 1 tadan yo‘llanma bor.
Bugun chempionat dasturiga muvofiq ishtirokchilar uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga U19 va U23 yosh toifasida bokschi qizlar ishtirokida Osiyo chempionati finallari bo‘lib o‘tsa, erkaklar o‘rtasidagi final janglari 16-iyul kuni tashkil etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA