Sevil Yo‘ldosheva Pokistonda chempion bo‘lmoqchi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi «W15 Islamabad» xalqaro turniri davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz Sevil Yo‘ldosheva va Sabrina Olimjonova muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) taqvimidan joy olgan mukofot jamg‘armasi 15 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur musobaqaning yakkalik bahslarida Sevil Yo‘ldosheva dastlab rossiyalik Anna Simkinani har ikkala setda bir hil 6:0 hisobida taslim etgan bo‘lsa, keyingi bosqichda niderlandiyalik Emma van Poppelni 7:5, 6:4 hisobida yengib, chorak finalga yo‘l oldi.
Yana bir vakilimiz Sabrina Olimjonova esa birinchi davrada Janubiy Afrika Respublikasi vakili Varona Mdlulvani 6:2, 6:3, ikkinchi bosqichda daniyalik Yelena Jamshidini 6:2, 6:1 hisobida mag‘lub etgan holda 1/4 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Sevil Yo‘ldosheva chorak finalda germaniyalik Anastasiya Kuparev bilan, Sabrina Olimjonova esa tailandlik Kamonvan Yodpetchga qarshi kortga chiqadi.
Darvoqe, Sevil Yo‘ldosheva germaniyalik dugonasi Anastasiya Kuparev bilan tandem hosil qilib, mazkur musobaqa yarim finaliga chiqdi. Ular final ostonasida Jong Mun (Janubiy Koreya) va Kamonvan Yodpetch (Tailand) juftligiga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA