2018 yil 22 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” O‘RQ-507 son qonuni bilan (Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 7 avgustda qabul qilingan.
Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda ma’qullangan) 26 yanvar O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilangan. Shuningdek, Har yili 26 yanvar kuni dunyoda Xalqaro bojxona kuni (International Customs Day) ya’ni sayyoramizda bojxona organlari xodimlarining kasb bayrami sifatida nishonlanadi.
Bugungi kunda xalqaro bojxona tashkilotiga 187 davlat a’zo bo‘lib, ular xalqaro savdoning 98% dan ortig‘ini boshqaradi. Ularning ¾ qismi rivojlanayotgan mamlakatlardir. Xalqaro bojxona kuni nafaqat butun dunyo bo‘ylab bojxona xizmatlarining birdamligini namoyish qilish, balki yil yakunlarini sarhisob qilish va yangi yilga istiqbolli rejalar tuzish uchun nishonlanadi, jamiyatning ijtimoiy hamda iqtisodiy rivojlanishidagi bojxona organlarining o‘rnini omma e’tiboriga yetkazishda ham muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda 800 mingdan ortiq bojxonachilar o‘zining kasb bayramini nishonlamoqda – bu butun dunyo bojxonachilarining umumiy soni hisoblanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga zarur shart-sharoitlar yaratish, tashqi savdoni tartibga solishda ma’muriy usullarini optimallashtirish va soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida, bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Bojxona faoliyati bo‘yicha huquqiy-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlariga qulayliklar yaratish va bojxona rasmiylashtiruvidagi tartib-tamoillarni jahon andozalariga moslashtirish maqsadida, bojxona tizimida ham tizimli islohatlar olib borilmoqda. Jumladan, aholini sifatsiz qalbaki tovarlardan himoya qilish, bojxona protseduralarini soddalashtirish, bojxona tartib-tamoillarini xalqaro standartlarga implementatsiya qilish kabi ustivor yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Xalqaro savdoni rivojlantirish bevosita mamlakat chegaralarida bojxona nazoratini qay darajada tashkil etilganligiga ham bog‘liq. Sifatsiz, qalbaki, soxta tovarlarni aniqlashning bir nechta omillarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Birinchidan, qalbaki sertifikatlardan foydalanish holatlari, iste’mol muddatlari o‘tgan, tovar yorliqlarida noto‘g‘ri ma’lumotlardan foydalangan va tovarga tegishli hujjatlarning soxtalashtirilgan holatlari. Ikkinchidan, asosiy muhim omillardan biri – dunyo bozorlarida ma’lum va mashhur bo‘lgan firmalarning tovar belgilarini (brend) qalbakilashtirib foydalanish holatlari; Mutaxassislarning fikricha, qalbaki tovarlardan foydalanish katta iqtisodiy va ijtimoiy zarar keltirishi bilan bir qatorda, dunyo bozorlariga sifatli tovar ishlab chiqarayotgan firmalar (imiji) ning obro‘sizlanishiga hamda iste’molchilar ishonchlarining yo‘qolishiga olib keladi. Uchinchidan, tovarlarning soxta reklamasi ham ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarga jiddiy zarar keltiradi.
Ichki bozorlarni kontrafakt tovarlardan himoya qilish maqsadida, bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 2021 yil 1 yanvardan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi joriy etildi. Mazkur tizim orqali tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlariga zarur shart–sharoitlar yaratildi. Faqatgina bojxona ma’muriyatchiligini isloh qilish holatlarini tugatish, ma’muriy to‘siqlar va davlat organlarining bir-birini takrorlovchi funksiyalariga barham berish, bojxona ko‘rigida tovarlarning qadoqlarini buzib, ochishni kamaytirish, import qilinayotgan tovarlarga sertifikat berishda tovarlarning kuzatuv hujjatlarini, normativ hujjatlarning nusxalari va aslini talab etishni bekor qilish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Tranzit o‘tayotgan tovarlardan karantin tekshiruvi uchun haq olinmasligi joriy etildi. Karantin ruxsati va ekologik sertifikatni berish muddati barcha hujjatlar to‘liq taqdim etilganida 5 ish kuni deb belgilandi. 2021 yil 1 yanvardan tovarlarni sertifikatlash jarayonlarini, TIF sohasidagi ma’muriy tartib-tamoilllarini yanada soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish hamda “davlat xizmatlarining sirli mijosi” institutini joriy etish kabi ustivor vazifalar belgilandi.
2023 yilda Bojxona qo‘mitasi tomonidan 9,2 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etilgan. Shuningdek, 650 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi, 8 778 dona qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar aniqlandi. 2023 yil davomida 5mln 700 ming quti tamaki mahsulotining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Hisobot davrida bojxona yuk deklaratsiyalarini inson omilisiz avtomatik rasmiylashtirish hajmi eksportda 86 foizni tashkil qildi.
Tadbirkorlarimiz tomonidan bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan hudud imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda xorijga umumiy qiymati 728 mln AQSH dollarini tashkil etuvchi tovarlar eksport qilindi. Davlat byudjetiga 58,4 trln so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazildi. Bojxona qo‘mitasi tomonidan 2023 yil davomida sohani raqamlashtirish, bojxona tartibotlarini yanada soddalashtirish, tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
26 yanvar – davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan bojxona xodimlarini kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz.
Qurbonqul KARIMQULOV
Bojxona instituti kafedra boshlig‘i,
texnika fanlari doktori, professor