25 yil: po‘lat izlardagi og‘ir karvon
Shimoliy kon boshqarmasining Uchquduq maydonidagi temir yo‘llar... Bir qarashda cheksizdek tuyuladigan po‘lat izlar “Dovg‘istov” konidan 3-gidrometallurgiya zavodigacha qariyb 160 kilometrga cho‘zilgan. Shu yo‘ldan bir necha ming tonnalik kon massasini ortgan vagonlar karvonini mahobatli teplovoz tortib boradi.
Kabinada esa 25 yillik tajribaga ega teplovoz mashinisti Asliddin Qahhorov. Yuzida charchoq alomati sezilsa-da, nigohlari tetik, harakatlari ishonchli. U boshqarayotgan og‘ir karvon ortida qancha-qancha insonlarning mehnati, rizqi va yurt boyligi borligini yaxshi anglaydi.
- Yashil!
- Yashil, ko‘rdim!
Bu ikki so‘z temir yo‘ldagi oddiy muloqotdek tuyulishi mumkin. Aslida esa uning zamirida katta mas’uliyat mujassam. Mashinist va uning yordamchisi yo‘ldagi har bir svetofor signalini ovoz chiqarib takrorlashi shart. Bu temir yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan muhim qoidalardan.
1980-yilda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan Asliddinning temir yo‘lga mehri bolalikdan boshlangan. U qishloqdan o‘tadigan poyezdlarni tomosha qilib, undan zavq olgan. Poyezdlarning vagonlarini sanab ulgurmas, ularning uzun karvoni ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ortidan qarab qolardi.

Qishloq bolalari temir yo‘l bo‘yida qo‘y boqib yurganida o‘tayotgan poyezdlarga qo‘l silkishar, poyezd mashinisti esa ularni xursand qilish uchun signal chalardi. Asliddin esa poyezdlarning qaysi vaqtda kelishini, qaysi vaqtda qaytishini, hatto qaysi mashinist bolalarni quvontirish uchun signalni necha marta chalishini ham bilardi.
Bolalikdagi ana shu qiziqish uni katta hayot yo‘liga boshladi. 1998-yilda Temir yo‘l kasb-hunar litseyiga o‘qishga kirdi. Ta’limni tamomlagach, 2001-yildan Buxoro regional temir yo‘l bog‘lamasi “Tinchlik” lokomotiv deposida mashinist yordamchisi sifatida mehnat faoliyatini boshladi.
Keyinchalik faoliyatini “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasining Uchquduq maydonidagi lokomotiv deposida davom ettirdi. Yillar davomida tajriba orttirdi, kasb sirlarini puxta egalladi.
- Mashinistlik shunday kasbki, unda yorliq bilan ish o‘rningizni egallay olmaysiz, - deydi Asliddin Qahhorov. - Temir yo‘lda teplovoz boshqarish kuchli iroda, yuksak mas’uliyat va kasbga sadoqatni talab qiladi. O‘qishni tugatgan nomzod kamida bir-ikki yil mashinist yordamchisi bo‘lib ishlashi kerak. Amaliy tajriba orttirib, jarayonni to‘liq o‘zlashtirgach, maxsus imtihon topshirib, mashinist guvohnomasini oladi.
Asliddin ham bir necha yil mashinist yordamchisi va chilangar bo‘lib ishladi. Bu tajriba keyinchalik uning faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki u boshqaradigan teplovozlar elektr tarmoqlari yetib bormagan cho‘l hududlarida harakatlanadi. Uning ixtiyorida quvvati bir necha ming ot kuchiga teng ulkan dizel dvigateli bor. Bunday texnikani boshqarish uchun temir yo‘lni bilishning o‘zi kifoya emas. Lokomotivning har bir tovushi, tebranishi va ishlash jarayonini his qila bilish lozim.
Bugungi kunda Shimoliy kon boshqarmasi temir yo‘l transporti boshqarmasining Uchquduq hamda Auminzo-Amantoy maydonlarida 18 ta magistral va manyovr teplovozi, 800 dan ortiq vagon kon massalarini tashish ishlariga jalb etilgan. Bu yerda umumiy uzunligi 226 kilometr bo‘lgan temir yo‘llar mavjud. Yiliga 132 million kub metr ma’dan qazib olinadigan va 15 million 600 ming tonna ma’dan qayta ishlanadigan yirik ishlab chiqarish tizimida temir yo‘l transporti muhim vositadir.
Bu kasbda shaxsiy vaqt hamisha ham rejadagidek kechavermaydi.
- Bayramlar, tug‘ilgan kunlar oila davrasida emas, ko‘pincha yo‘lda o‘tadi. Grafigimiz turlicha: goh kunduzi, goh kechasi ishlaymiz. Kabinadagi tebranish, dvigatel shovqini va dizel hidi, albatta, charchoq beradi. Lekin mehnatimiz uchun yaratilgan sharoitlar bor. Maoshimiz yaxshi, tibbiy xizmatdan foydalanamiz, shuningdek, kasbimiz xususiyatidan kelib chiqib, imtiyozli nafaqaga chiqish imkoniyatiga egamiz, - deydi Asliddin.
Darhaqiqat, teplovoz mashinisti zimmasidagi mas’uliyatni oddiy so‘zlar bilan ifodalash qiyin. U po‘lat izlar ustida og‘ir karvonni boshqarar ekan, har bir harakatni aniq hisob-kitob bilan amalga oshiradi. Chunki kichik xatoning o‘zi nafaqat uning, balki yuk va odamlar xavfsizligiga ham daxl qilishi mumkin. Shuning uchun mashinistlar belgilangan izdan, belgilangan tartibdan og‘ishmaydi. Yillar davomida shakllangan intizom, tajriba va mas’uliyat ularning ish uslubiga aylangan.
Asliddin Qahhorov uchun esa temir yo‘l shunchaki kasb emas. Bu - bolalik orzusidan boshlangan va 25 yildan buyon davom etayotgan hayot yo‘li. Ehtimol, u yo‘lda yana bir guruh bolajonlarni ko‘rar. Ular ham xuddi uning bolaligidagidek poyezdga havas bilan qo‘l ko‘tarishar. Shunda Asliddin teplovoz signalini bir-ikki bor chalib qo‘yar...
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri