24 yoshli Yusufbek hayotga qaytarildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida insult va infarkt profilaktikasi usullari yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida aholi o‘rtasida to‘satdan o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlari sezilarli kamayishiga erishilmoqda.
Masalan, Yusufbek yaqinda markazning Buxoro filialiga salomatligidan shikoyat qilib tushgan. Ayon bo‘lishicha, 2000-yilda tug‘ilgan bemor yigit o‘tkir respirator kasallikdan keyingi asorat – infeksion-allergik miokardit tashxisi bilan bir necha oydan buyon davolanib kelgan.

– Bemor yurak bo‘lmacha-qorinchasi to‘liq blokadasi, MAS sindromi bilan og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi, – deydi markaz mutaxassisi F.Haydarov. – Uning tanasiga anamnezidan keyin 2016-yilda ikki kamerali doimiy elektrokardiostimulyator apparati o‘rnatilgan. Bemorning apparati tekshirilganida, yurak sohasiga o‘rnatilgan kardiostimulyator uskunasi quvvati to‘liq tugaganligi ayon bo‘ldi. Aniqrog‘i, kasb-kori haydovchi bo‘lgan bemor yigit yuk avtomashinasida elektr stansiyasi hududida ishlagani bois, elektr stansiyasidagi yuqori kuchlanish kardiostimulyatorga salbiy ta’sirini ko‘rsatgan va bu uskunani yangilash taqozo qilinardi.
Shundan so‘ng, bemorda shoshilinch ravishda markaz mutaxassislari tomonidan elektrokardiostimulyator apparatini almashtirish operatsiyasi bajarildi. Yuqori malakaga ega shifokorlar sa’y-harakati bilan 24 yoshli Yusufbek hayotga qaytarildi. Operatsiyadan keyin bemor ahvoli qoniqarli va unda yurak qisqarishlari soni bir daqiqada 70 marta, ya’ni me’yorida qayd qilinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri