Surxondaryo viloyatida ko‘chmas mulk obektlarini kadastr hisobiga olish va kadastr pasportini shakllantirish ishlari davlat xizmatlari orqali olib borilmoqda.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasining hududiy filiallariga kadastr pasportini shakllantirish masalasida 35 ming 35 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 24 ming 18 tasi ijobiy hal etilib, kadastr pasporti rasmiylashtirildi.
Kadastr pasporti — ko‘chmas mulk ob’ekti to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar va ob’ektning kadastr raqamini o‘z ichiga olgan elektron hujjat bo‘lib, murojaatlarning 9 ming 115 tasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “ Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan kamchiliklar mavjudligi uchun rad etilgan. 1 ming 636 ta murojaat o‘z vaqtida to‘lov qilinmagani sababli davlat xizmatlari markazlari orqali rad qilingan. 138 ta murojaat to‘lov jarayonida turibdi.
Yilning o‘tgan davrida Termiz shahridan 6 ming 284 ta, Denov tumanidan 4 ming 397 ta va Termiz tumanidan 3 ming 504 ta eng ko‘p murojaat qabul qilinib, viloyat markazida 4 ming 681 ta, Denov tumanida 2 ming 898 ta, Sariosiyo tumanida 2 ming 134 ta kadastr pasporti shakllantirib berilgan.
Tahlillar viloyatda kadastr pasportini shakllantirish yuzasidan murojaatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 ming 78 taga kamayganini ko‘rsatmoqda. Vaholanki, 2022 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 41 ming 113 tani tashkil etgan.
Mutaxassislarning aytishicha, kelib tushgan arizalarning qariyb 26 foizi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi qarorida belgilangan mezonlarga mos kelmagani uchun rad etilgan. So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlarni ko‘rsatgani, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi, ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda bo‘lmagani, vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk ob’ektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilgani sababli bino-inshootlarga kadastr pasporti rasmiylashtirilmagan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri