239 mahallaning yoshlari ishtirok etishdi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Amfiteatr” maydonida yozgi bayram kayfiyati hukm surdi. Bu yerda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini futbol bo‘yicha uch bosqichda o‘tkazilgan Davlat xavfsizlik xizmati kubogining 2025 yilgi viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlandi.
Quvonarli jihati shundaki, viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuqori saviyada tashkil etilgan bellashuvlarda qizlar futboliga 440 nafar, mini futbolga 2 390 nafar, futbolga esa 3 824 nafar yosh jalb etildi. Jami 239 mahallaning 6 654 nafar yoshlari ushbu sport loyihasida qatnashib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Tantanali marosimda DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Odil Sherqulov, viloyat prokurori Savid Imatov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Farrux Haydarov, viloyat hokimi o‘rinbosari Bekzod Ismatov, viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Tavbayev hamda davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari, mahalla faollari, yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbirda mazkur musobaqa yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirgan eng omadli sport tashabbuslaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Natijalarga ko‘ra, viloyat bosqichida mini futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida Guliston shahrining Taraqqiyot, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Guliston tumanining Ibrat, futbol bo‘yicha esa Yangiyer shahrining Abdurahmon Jomiy mahallasi jamolari birinchilikni qo‘lga kiritishdi.
G‘oliblar kubok, medal, elektroskuter va Respublika bosqichiga yo‘llanma bilan taqdirlanishdi. Sovrindor jamoalarga ham esdalik sovg‘alari topshirildi. Marosim sirdaryolik san’atkorlar konsert dasturi bilan o‘z yakuniga yetdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri